Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qanday qilib o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash mumkin?

Qanday qilib o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash mumkin?

Foto: «Norma»

Ish beruvchi ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan xodimga mehnat daftarchasini bermay, uni ushlab qolishga urinadi. Uning bunday xatti-harakat qilishi to‘g‘rimi?

Ushbu savolga mehnat huquqi sohasi eksperti Abdusalom Risqullayev javob beradi:

– Ish beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan xodimni mehnat daftarchasini bermaslik orqali ushlab qolishga urinishi hollari, afsuski, bugungi kunda ko‘p uchraydi. Ish beruvchining bunday xatti-harakatlari huquqqa zid. 

Mehnat kodeksining 99-moddasiga muvofiq, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham bekor qilishga haqlidir. Buning uchun ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirishning o‘zi kifoya. Ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shart.

Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugamasdan oldin ham bekor qilinishi mumkin. 

Shuni nazarda tutish lozimki, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish haqidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishining imkoni yo‘qligi (o‘quv yurtiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollar) bilan bog‘liq bo‘lsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi kerak.

Muddatli mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan muddatidan oldin bekor qilinganda xodimning neustoyka to‘lashi belgilab qo‘yilishi mumkin. Uni to‘lash tartibi Mehnat kodeksining 104-moddasida belgilangan. Agar mehnat shartnomasida neustoykaning miqdori belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, taraflar uni to‘lashdan ozod etiladilar. Neustoykaning miqdori ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini ko‘zlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlagan davr va boshqa holatlarga bog‘liq tarzda tafovut qilishi mumkin. Uning miqdori ish beruvchi to‘laydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas. Neustoyka to‘lashdan bosh tortilgan taqdirda uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi.

Manba: norma.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring