Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qanday mahsulotlar buyraklarni nobud qiladi?

Qanday mahsulotlar buyraklarni nobud qiladi?

Foto: «Karaidel.rbsmi.ru»

Buyraklar organizmdagi zararli moddalarni zararsizlantirishga javobgar bo‘lib, toksinlarni chiqarib yuboradi. Juft a’zoning ishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga zarar yetkazmaslikka harakat qilish, halokatli ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlarni iste’mol qilmaslik kerak. Quyida buyraklarni ishdan chiqaradigan mahsulotlar bilan tanishasiz.

Spirtli ichimliklar

Alkogol — buyraklar uchun birinchi raqamli dushman. Spirtli ichimliklar organizmimizni zaharlaydi, buyraklarni zo‘riqib ishlashga majbur qiladi. Alkogol iste’mol qilgandan so‘ng organizm suyuqlik yo‘qotilishidan qiynala boshlaydi, qon quyuqlashib ketadi. Bu esa buyraklarning qonni filtrlashini qiyinlashtiradi.

Tuz

Tuz tufayli organizmda ortiqcha suyuqlik saqlanib qoladi. Natijada shish kelib chiqadi, gipertoniya rivojlanadi. Ushbu muammolarning oldini olish uchun do‘konlarda sotiladigan oq tuzdan bosh tortish kerak. Uning o‘rniga dorivor giyohlardan foydalangan ma’qul.

Gazlangan shirin ichimliklar

Gazlangan shirin ichimliklar tarkibida ko‘p miqdorda qand bor. Bir stakan gazlangan shirin ichimlik iste’mol qilganimizda organizmdagi glyukoza miqdori birdan ko‘tarilib ketadi. Bunday ichimliklarga mukkasidan ketish qandli diabet kelib chiqishiga va buyraklarda tosh hosil bo‘lishiga olib keladi.

Qahva

Kofein buyraklarni qo‘zg‘atadi. Ko‘p (kuniga 3 piyoladan ortiq) qahva ichganda buyraklarga jiddiy zarar yetkazishi va jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishi hech gap emas.

Qahvani, ayniqsa, och qoringa ichish zarar. Bunda hazm qilish tizimi a’zolari hazm qiluvchi fermentlar ajrata boshlaydi. Organizmga oziq-ovqat mahsuloti tushmagani bois bu fermentlar hazm qilish a’zolarining o‘zini parchalay boshlaydi.

Fast-fud

Tez pishar oziq-ovqat mahsulotlariga tuz va zararli moddalar ko‘p qo‘shiladi. Tez-tez fast-fud iste’mol qilish esa buyraklar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, semizlikka sabab bo‘lishi, qonda xolesterin darajasini oshirishi hamda tromb va tiqinlarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Shohida Isroilova tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring