Qamchiq dovonini yopish haqidagi qarorni kim qabul qiladi?

FVV 10-14 yanvar kunlari ham dovonda kuchli qor yog‘ishi kutilayotgani haqida xabar qildi
O‘tgan yilning 27-dekabrida Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi A-373 «Tashkent-O‘sh» avtomobili yo‘li kuchli qor bo‘roni tufayli ma’lum muddat yopilgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) 11-14-yanvar kunlari ham bu dovonda kuchli qor yog‘ishi kutilayotgani haqida xabar qildi.
Bu xabar ortidan ko‘pchilikni qiziqtirgan savollar bilan FVV matbuot xizmati xodimi Rustam Mirzatayevga murojaat qildik.
- Rustam aka, yaqin kunlarda kuchli qor yog‘ishi natijasida Qamchiq dovonida transport harakati to‘xtatiladimi?
-Buni oldindan aytib bo‘lmaydi. Hammasi vaziyatga ko‘ra ma’lum bo‘ladi.
- Shu o‘rinda savol tug‘iladi - Qamchiq dovonida harakatlanish ma’lum muddat to‘xtatilishini kim yoki qaysi davlat idorasi belgilaydi? Favqulodda vaziyatlar vazirligimi?
- Dovon orqali o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘li strategik ahamiyatga ega. Ob-havo o‘zgarishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra transport harakati vaqtincha to‘xtatilishi bitta vazirlik tomonidan amalga oshirilmaydi. Agar yuzaga kelgan vaziyat yo‘lovchilar hayoti uchun real xavf tug‘dirsa, FVV huzuridagi gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan murakkab ob-havo sharoitlari (qor bo‘roni, qalin tuman, qor uyumlari, izg‘irin, sel va h.k.) to‘g‘risida xabar olinganda avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tgan qismida transport vositalari harakatini vaqtincha chegaralash va vaziyatni hisobga olib, harakatni tiklash to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi mas’ul xodimlaridan tuzilgan Tezkor shtab tomonidan qaror qabul qilinadi hamda bu haqda Vazirlar Mahkamasiga axborot yuboriladi.
Mazkur qarorni bajarish, ya’ni dovonda avtotransport vositalari harakatini vaqtincha to‘xtatish hamda vaziyatni hisobga olib harakatni tiklash IIV YHXB ga yuklatilgan.
Qayta ta’kidlayman – bunday qarorga faqat fuqarolar salomatligi va hayotiga xavf soluvchi vaziyat bo‘lsagina kelinadi. Shuning uchun yo‘lovchilarimizdan bunday vaziyatda sabr qilishlarini, hammasi aynan ularning xavfsizligi uchun qilinayotganini anglab yetishlarini so‘rardim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter