Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qalampir biznesi»ning achchiq oqibatlari

«Qalampir biznesi»ning achchiq oqibatlari

​Fermerlar achchiq qalampir ekinining serdaromad va eksportbop ekani haqidagi ma’lumotlarni eshitib, qalampirdan mo‘l hosil olish va yuqori daromadga ega bo‘lishni niyat qilgandi. Afsuski, ularning bu niyati amalga oshmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-yanvardagi «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra 2018-yilda Urgut tumanidagi 177 fermer xo‘jaligi achchiq qalampir yetishtirdi.

Fermerlar mazkur ekinning serdaromad va eksportbop ekani haqidagi ma’lumotlarni eshitib, qalampirdan mo‘l hosil olish va yuqori daromadga ega bo‘lishni niyat qilgandi. Afsuski, ularning bu niyati amalga oshmadi.

Gap shundaki, mavsum avvalida urgutlik fermer xo‘jaliklari hamda Toshkent shahrida joylashgan «General Manchinery Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida achchiq qalampir ko‘chati yetkazib berish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, «General Manchinery Group» MChJ achchiq qalampir ekilishi rejalashtirilgan maydonlarning teng yarmiga (har bir donasini 70 so‘mdan) mahalliy va qolgan qismiga (har bir donasi 100 so‘mdan) chet eldan keltirilgan achchiq qalampir ko‘chati yetkazib berishi kerak edi. Buning uchun joriy yil may oyida bank filiali 177 ta fermer xo‘jaligi hisobidan jami 1 milliard 59 million 284 ming so‘m pul mablag‘ini ko‘chat yetkazib beruvchining Toshkent filialidagi hisobraqamiga ko‘chirib beradi.

Ammo «General Manchinery Group» MChJ shartnoma shartlarini qo‘pol ravishda buzib, 96 fermer xo‘jaligiga 2 million 340 ming dona mahalliy ko‘chatni xorijdan keltirilgan, deb aldab tarqatgan. Oqibatda fermerlar rejadagi hosilni yetishtira olmadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida «General Manchinery Group» MChJning tumandagi fermer xo‘jaliklarga tegishli bo‘lgan 70 million 200 ming so‘mlik, ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Abduvali Xudoyorov, 
Bosh prokuratura huzuridagi agrosanoat
majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi
ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori

Manba: uza.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring