Qahramon hayvonlar — odamlardan qutqarilgan bolalar
yoxud Maugli, Zuzu, gorillo Binti Xua
«Maugli» multfilmini, kinosini eslaysizmi? Balki kitobini o‘qigandirsiz? Hayvonlar nafaqat bolalarni qutqargan, balki ularni o‘z oilalariga olib ketishgan, bolalari bilan teng ravishda tarbiyalagan va himoya qilgan. Shuning uchun ijodkorlar tomonidan Maugli kabi qahramonlar yaratilgan.
Bunga bir nechta hayotiy misollar bor:
Nigeriyalik ota-ona o‘g‘li Belloni o‘rmonga tashlab ketishadi (ular bolani boqa olmayotganliklarini aytib, o‘z harakatlarini oqlashdi). Chaqaloqni shimpanzelar olib ketishadi, bola odamlar uni topguniga qadar deyarli bir yarim yil hayvonlar bilan yashaydi.
Besh yoshida Trayan Kaldarar Transilvaniya o‘rmonlarida adashib qoldi. Bir yil o‘tdi, hamma bolani o‘lgan deb hisoblaydi, lekin to‘satdan u yovvoyi itlar to‘dasi orasida yashayotgani aniqlanadi. Ma’lum bo‘lishicha, avval kuchukchalaridan ayrilgan ona it bolaga homiylik qilgan.
Yoki bo‘lmasa hindistonlik bolakay Din Sanichar bo‘ri va uning 5 bolasi bilan birga yashab, xom go‘sht yeydi va faqat to‘rt oyoqda harakat qiladi. Hindistonlik Din Sanichar yoki Marina Chapmanning hikoyasi ba’zida odamlar hayvonlardan ko‘ra xavfliroq ekanligini ko‘rsatadi.
Faktlarga murojaat qilishda davom etamiz:
Maymunlar tufayli omon qolgan qizaloq
1954 yilda to‘rt yoshli go‘dakni qaroqchilar o‘g‘irlab ketishdi va Janubiy Amerika o‘rmonlarida tashlab ketishdi. Qiz o‘lishi kerak edi, lekin uni maymunlar asrab olishdi. O‘rmonga tashlab ketilgan qizaloq primatlar bilan 5 yil yashadi, ammo keyin uni mahalliy ovchi topib, Bogotadagi fohishaxonaga sotdi, u yerda qiz 17 yoshga to‘lguncha majburan ushlab turildi. Marina qochishga muvaffaq bo‘ldi. U hozir Buyuk Britaniyada yashaydi. Bir necha yil oldin uning «Ismsiz qiz» tarjimai holi nashr etildi, u yerda u maymunlar bilan kechgan hayoti eng tinch va baxtli davrlaridan biri bo‘lganini yozadi, ya’ni o‘sha paytda hech bo‘lmaganda kimdir unga g‘amxo‘rlik qilgan. Marina Chapman hozir o‘z hayotini yo‘lga qo‘yib olgan, lekin bolaligida odamlardan ko‘p azob chekkan, u faqat maymunlar tufayli omon qoldi.
Odamlar sherlardan xavfliroq
2005 yilda Efiopiyada 12 yoshli qiz maktabdan uyiga qaytayotganida to‘rt noma’lum kishi tomonidan o‘g‘irlab ketiladi va yo‘lda aql bovar qilmaydigan voqea yuz berdi.
Guruh uchta sherga duch keldi. Sherlar o‘g‘rilarni ta’qib qilib qizni qoldirib ketishlariga erishdi. Politsiya nihoyat qizni topgach, yirtqichlar ketishdi. Ba’zi ekspertlarning fikricha, sherlar qizga rahmi kelgan bo‘lishi mumkin, chunki uning yig‘isi sher bolasining miyovlashiga o‘xshardi.
«O‘lim to‘lqini» bilan yuzlashgan fil
8 yoshli Amber Ouyen 2004 yilda vayronkor sunami sodir bo‘lganida, Tailandning Pxuket shahrida ta’tilda bo‘lgan.
O‘lim to‘lqini kela boshlaganida, qiz o‘zining sevimli fili Ning Nongni minib ketayotgan edi. Hayvon o‘z instinktiga quloq tutib qizni chalqancha olib, xavfsiz bo‘lgan tomonga yugurdi. Agar Amber sohilda qolsa, u albatta o‘lgan bo‘lardi, chunki to‘lqin shunchalik kuchli ediki, u yo‘lidagi daraxtlar va uylarni vayron qilib tashlagandi.
Zooparkdagi Gorilla yiqilgan bolaga tegmadi
1996 yilda 3 yoshli bola Chikagodagi Brukfild hayvonot bog‘ida gorillalar qo‘rg‘oniga 6 metr balandlikdan tushib ketib, hushini yo‘qotgan.
Binti Xua ismli ona gorilla jarohatlangan chaqaloqni orqasida o‘z bolasidek ko‘tarib oldi va uni o‘rab turgan boshqa hayvonlardan himoya qildi. Ajablanarlisi, maymun bolani xavfsiz olib ketishlari mumkin bo‘lgan korpusning kirish qismiga olib bordi.
Fermerni o‘limdan olib qolgan echki
2002 yilda avstraliyalik Noyel Osborn dehqonchilik bilan shug‘ullanayotganda tasodifan surinib yiqiladi va sonini sindirib oladi. U qimirlay olmasdi va odamlardan juda uzoqda edi, uning yordam so‘rab qilgan faryodlarini hech kim eshitmasdi.
5 kun davomida uning Mendi ismli echkisi yonidan jilmadi, uni isitdi, hatto sovuq yomg‘irli kechalarda ham bir qadam ketmadi. Bundan ham ajablanarlisi, Mendi Osburnga och qolmasligi uchun uni sog‘ishga ruxsat berdi.
Dengiz mushugi o‘smir yigitni o‘limdan olib qoldi
2000 yilda ruhiy kasal va qattiq tushkunlikka tushgan, 16 yoshli Kevin Xayns Kaliforniyaning San-Fransisko shahridagi Oltin darvoza ko‘prigidan sakrab o‘z joniga qasd qilishga qaror qildi. Xaynsning baxtiga omon qoldi: dengiz mushugi yordamga keldi, u Xaynsni xavfsiz joyga olib borib, qirg‘oq qo‘riqchisi kelguniga qadar yigitchani suvda ushlab turdi.
Hozirda ruhiy kasallarning advokatiga aylangan Xayns, agar shu jonivor yordamga kelmaganida cho‘kib ketgan bo‘lardim, deydi.
Kit sportchini qutqardi
2009 yilda xitoylik yosh suzuvchi Yang Yug akvarium qo‘riqchilari o‘rtasida sho‘ng‘ish bo‘yicha musobaqada ishtirok etdi. Suv sovuq, shimoliy kenglikdagi dengiz hayvonlarining hayoti uchun mos edi. Sinovlardan biri chuqur hovuz tubiga cho‘kish edi. Ammo bu payt sportchi suv yuziga chiqolmasligini tushundi: sovuqdan oyoqlari falaj bo‘lib, nafasi tiqilib qoldi. Birdan yoniga oq kit suzib keldi. U sportchiga nimadir xavf solayotganini tushundi va uni suv yuzasiga itarib yubordi. Kitning yordamisiz Yang cho‘kib ketgan bo‘lardi.
Va nihoyat o‘zimizning ZUZU
Yuqorida sanab o‘tgan qahramon hayvonlar qatorida Toshkent zooparkida yashaydigan o‘zimizning Zuzu laqabli qo‘ng‘ir ayiq ham eslansa va tarixda qolsa ajab emas.
28 yanvar kuni, soat taxminan 12 larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida kichkina qizalog‘ini ayiq voleriga tashlab yuboradi. Agar ayiq tashlab yuborilgan bolaga xuddi yirtqich jonivor o‘ljaga qaragandek munosabatda bo‘lganida, bu voqea qay tarzda yakun topishi mumkin edi — bu haqida o‘ylashning o‘zi dahshat.
Zuzu laqabli Kavkaz qo‘ng‘ir ayig‘i o‘z volerida yotib olib, qizaloqni metall to‘siqdan ustidan otib yuborgan ayol harakatlarini kuzatgan. Mehmonlar va xodimlar urinishlariga qaramasdan, ayolni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmagan. Zuzu ayig‘i sekingina zovurga tushib, qizaloqni hidlab ko‘rgan va undan uzoqlashgan. «Yirtqichlar» bo‘limi xodimlari tez harakat qilishgan va ayiqni ichki xonaga chaqirishni boshlab, ayiqni xonaga kiritishgan. Bola ayiq xonasidan olib chiqilgan va hayvonot bog‘ining hamshirasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Qizaloq yirtqich tishlari va panjalaridan emas, faqat qariyb 5 metr balandlikdan yiqilish tufayli jarohat olgan. Dastlabki ko‘rikda urilishlardan tashqari ko‘zga ko‘rinarli jiddiy shikastlar aniqlanmagan.
Bu hodisa ayiq Zuzu insonlarga nisbatan darg‘azab bo‘lmagan, vazmin yirtqich ekanligini yaqqol namoyon etdi.
Zoologlar buni qanday izohlaydilar?
Hayvonlarning odamlarga yordam berish holatlari ko‘p, lekin ular nima uchun shunday qilishadi yoki ularni nima boshqaradi? Uy hayvonlari uchun inson o‘z oilasining bir qismidir, shuning uchun ular o‘z rahbarining himoyasiga tabiiy ravishda otlanadilar. Ammo odamlarni kamdan-kam ko‘radigan yovvoyi hayvonlar haqida nima deyish mumkin? Ularda o‘zaro yordam instinkti bor: tabiatda ko‘pincha turli guruhlar vakillari tajovuzkorning hujumini qaytarish uchun birlashishi mumkin. Masalan, har xil turlarga mansub kichik qo‘shiqchi qushlar yig‘ilib, birgalikda katta kalxatni haydab yuborishadi. Hayvonlarning odamlarga yordam berishlariga onalik instinkti ham sabab bo‘lishi mumkin. Misol uchun, yaqinda farzandli bo‘lgan ayol shunday kuchli onalik instinktiga egaki, u har qanday himoyasiz mavjudotga g‘amxo‘rlik qila oladi. Bundan anglasak bo‘ladiki, hayvonlarning yosh bolalarni qutqarishi, ularni himoya qilishi onalik instinkti sabab bo‘lishi mumkin.
Ya’ni hayvonlar instinkt tomonidan boshqariladi. Va ba’zida bu instinktlar ularga qiyin vaziyatga tushib qolgan odamlarga g‘amxo‘rlik qilishni «aytib» turadi...
Internet materiallari asosida tayyorlandi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter