Putin, Tramp va Merkelning taomnomasi taqqoslandi
Yevropa tibbiyot instituti mutaxassislari Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh yetakchisi Donald Tramp, Germaniya kansleri Angela Merkel va Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches nima iste’mol qilishini taqqosladi, deb yozadi «El Confidencial».
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, semizlik darajasi Rossiyada 25,7% ni tashkil etadi. Mamlakat prezidenti 67 yosh bo‘lishiga qaramay, ajoyib qomatga ega, deb ta’kidlaydi nashr. Vladimir Putinning kundalik taomnomasiga yog‘siz go‘sht, baliqning yog‘li va yog‘siz navlari, meva-sabzavotlar, tuxum va yormalar kiradi. Prezident alkogol va qayta ishlangan mahsulotlardan o‘zini tiyishga harakat qiladi. Nonushta odatda to‘yimli bo‘ladi — omlet yoki xom bedana tuxumi, mevalar va quruq mevalar, asal qo‘shilgan grechixa bo‘tqasi, kechki ovqat yengilroq — sut-qatiq mahsulotlari. Muntazam sport bilan shug‘ullanish qomatini yaxshi holda saqlashga yordam beradi — suzish, yakka kurash, chang‘i va xokkey.
AQShda semizlik darajasi 37,3% ni tashkil etadi. AQSh prezidentida xolesterin muammosi bor, tana vazni indeksi (30,4) semizlikning yengil shakliga to‘g‘ri keladi. 73 yoshli Donald Tramp fastfudni xush ko‘radi, taomnomasi tuxum va pishloqli sendvich, gamburger, bekon, qayla, kartoshka fri, qovurilgan qanotchalar, pitssa, pishiriqlar va salqin ichimliklardan iborat. Prezident alkogol ichmaydi, biroq kofeinli koka-kola-layt va shokoladli kokteylni yoqtiradi. Yoshligida beysbol va futbol bilan shug‘ullangan, biroq hozir kam harakat turmush tarzini olib bormoqda. Bu omillarning bari giperxolesterinemiya va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi, deb ogohlantiradi diyetologlar.
Germaniya kansler (mamlakatda semizlik darajasi — 25,7%) Angela Merkel 65 yosh bo‘lishiga qaramay, piyoda sayr qilish va yugurish yo‘lakchasida shug‘ullanishni yoqtiradi, biroq sport bilan muntazam shug‘ullanmaydi. Merkel nemis oshxonasiga sodiq — pyure va qayla bilan sosiska, pishloqli fondyu, kechki taomga esa sabzavotlarni ma’qul ko‘radi.
Ispaniyada semizlik darajasi 27,1% ni tashkil etadi. 48 yoshli mamlakat bosh vazirining qad-qomati yaxshi holatda. Pedro Sanches balanslangan O‘rta Yer parheziga amal qiladi, salat, ko‘katlar, grilda pishgan go‘sht va baliqni ko‘p iste’mol qiladi. U to‘yib nonushta qiladi, ko‘p suv ichadi. Sanches, shuningdek, haftasiga 3 marta sport bilan shug‘ullanadi, og‘ir mashg‘ulotlarni yugurish va velosiped bilan almashtirib turadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter