Putin To‘qayev bilan uchrashuvda yana o‘ng‘aysiz holga tushdi
9 noyabr kuni Ostonada o‘tgan Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari uchrashuvida o‘ng‘aysiz vaziyat yuzaga keldi. Mehmon davlat rahbari Vladimir Putin mezbon mamlakat yetakchisi Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ism-sharifini aytishda ikki bor xatoga yo‘l qo‘ydi.
Birinchi marta Putin To‘qayevning otasi ismini «Kemelevich» deb emas, balki «Kelemich» deb talaffuz qildi. Ayni shu uchrashuvning o‘zida u qozog‘istonlik hamkasbini «Kemel Jomartovich» deb atadi, so‘ng xatosini to‘g‘riladi.
Avval xabar berganimizdek, prezidentlarning Ostonadagi muzokarasi yakunida bir qator hujjatlar imzolandi.
Putinning To‘qayev ism-sharifini yanglish tarzda aytishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Masalan, u 2022 yil yanvar oyida ham Qosim-Jo‘mart Kamolovich To‘qayevni «Kasam Jemel Kemelich Tokayev» deb atagan edi. Rossiya federal telekanallari ushbu holat aks etgan lavhani montaj qilgan holda efirga uzatgan. Internet orqali jonli efirda esa chalkashlikni yashirib bo‘lmagan.
Hozirga qadar To‘qayevning o‘zi Putinning bu kabi xatolariga munosabat bildirmagan. Ayrim tahlilchilar Putin atayin shunday qiladi deb hisoblaydi. Boshqa bir guruh tahlilchilar esa Kreml xo‘jayini keksaligi vajidan To‘qayevning ism-sharifini to‘g‘ri va aniq talaffuz qila olmaydi degan fikrda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter