Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin bilan muzokara payti Merkelning qo‘l telefoni jiringladi. Kim qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lishi mumkin?

Putin bilan muzokara payti Merkelning qo‘l telefoni jiringladi. Kim qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lishi mumkin?

Foto: Getty Images

O‘tgan hafta oxirida Germaniya kansleri Angela Merkel Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokara payti kutilmagan holat yuz berdi: Merkelning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Bu holdan xiyla jahli chiqqan Merkel telefonini cho‘ntagidan olib rad etish tugmasini bosdi.

Xo‘sh, muhim siyosiy muzokara payti olmon hukumati rahbarini kim bezovta qilgan bo‘lishi mumkin? Shu kunlarda mazkur savol dunyo matbuotida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. AQShning «Politico» nashri ham bu borada bir necha taxminni ilgari surdi.

Ilk taxmin – Armin Lashet. Avval xabar berganimizdek, Angela Merkel kuni kecha Armin Lashetning o‘zining vorisi deb e’lon qildi.

Favqulodda holatlar ro‘y bermasa, Lashet Merkelning o‘rniga Xristian-demokratlar ittifoqiga rais bo‘lishi va pirovardida kansler lavozimida faoliyat yuritishi kutilmoqda. Ayni kunlarda A.Lashet g‘oyat muhim siyosiy imtihon oldida turibdi. «Politico» nashriga ko‘ra, u kanslerga saylovoldi maslahat uchun qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi taxmin – Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab. O‘quvchilarga bu taxmin ishonchsiz tuyulishi mumkin, deb yozadi «Politico». Darhaqiqat, ingliz vazirining Germaniya hukumati rahbariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilishga jur’at etmasligi mumkin. Ammo Afg‘onistondagi vaziyat qo‘qqisdan murakkablashgan paytda ham ta’tildan qaytmaslikni ma’qul ko‘rgan D.Raab so‘nggi kunlarda kuchli tanqidlar ostida qolmoqda. Demak, u ham siyosiy dalda istayotgan bo‘lsa ajab emas.

«Politico» bu borada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy (ashaddiy muxolifi Putin bilan muloqotga xalal berish uchun), Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker (u 2017 yilda matbuot anjumani payti Merkelning qo‘ng‘irog‘ini rad etgan), sobiq kansler Gerxard Shreder (Rossiyaga ayricha mehri bilan tanilgan siyosatchi Merkelga Putin bilan til topishish borasida maslahat bermoqchi bo‘lgandir) kabi biroz yumorga yo‘g‘rilgan taxminlarni ham bayon qilgan.

Rus matbuoti xabariga ko‘ra, bu Merkelning Rossiyaga Germaniya kansleri sifatidagi o‘n to‘qqizinchi va katta ehtimol bilan so‘nggi tashrifidir. Joriy yil sentyabrda o‘tadigan saylovda u o‘z nomzodini qo‘ymasligi ma’lum.

Merkel va Putin muzokaralari paytida avval ham kutilmagan holatlar kuzatilgan. Masalan, 2007 yil yanvar oyida Sochida tashkil etilgan uchrashuvga Putin «Koni» laqabli itini ham olib kelgan. O‘shanda Angela Merkel ko‘ppakdan qo‘rqishini yashira olmagan. Putin esa bu xatti-harakati uchun keyinroq kansler xonimdan uzr so‘ragan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring