Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin AQSh va Germaniyaga «javob» va’da qildi

Putin AQSh va Germaniyaga «javob» va’da qildi

Paradda Putinga mudofaa vaziri A.Belousov va harbiy dengiz floti qo‘mondoni A.Moiseyev hamrohlik qilgan.

Foto: «Izvestiya»

AQSh Germaniya hududiga olis masofaga uchuvchi raketalarini joylashtirsa, Rossiya bu harakatni javobsiz qoldirmaydi. Bu haqda prezident Vladimir Putin  Harbiy dengiz floti kuni munosabati bilan Sankt-Peterburg shahrida tashkil etilgan paradda gapirdi.

Putinga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar raketalarining Germaniyada paydo bo‘lishi Rossiyaning muhim davlat va harbiy boshqaruv ob’yektlari, mudofaa infratuzilmasi va ma’muriy-sanoat markazlari ehtimoliy nishonda ekanini anglatadi. Yadro kallaklarini tashishi mumkin bo‘lgan raketalarning Rossiya hududidagi nishonlarga kelish vaqti esa o‘n daqiqani tashkil etadi.

Putin voqealar bu taxlit rivojlansa, mamlakat birinchi navbatda o‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni rivojlantirishga doir moratoriydan voz kechishiga shama qilgan.

Ta’kidlanishicha, Rossiya AQSh va uning Yevropadagi «malay»lari harakatiga hamohang ravishda boshqa javob choralari ham ko‘radi.

«Izvestiya» gazetasining yozishicha, Vashingtonning harakatiga javoban Moskva o‘z qo‘shnilari (masalan, Belarus) hamda AQSh bilan yaqin hududdagi Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlariga raketalarini joylashtirishi mumkin. 

Avval xabar berganimizdek, NATOning joriy yil 10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sammitida AQSh Rossiyaning harbiy salohiyatini tiyib turish va Shimoliy alyans doirasidagi hamkorlarini himoya qilish uchun Yevropa bo‘ylab uzoq masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirish rejasini e’lon qildi. 2026 yildan Germaniyaga Tomahawk rusumli qanotli raketalar va olis masofadagi nishonlarni urishga mo‘ljallangan boshqa aslahalar keltiriladi. AQSh va Germaniya tomonidan berilgan qo‘shma bayonotda ayni paytda Yevropada joylashtirilgan raketalardan uzoqroq masofaga uchiriladigan SM-6 zenit raketalari va tovushdan tez parvoz qiluvchi qurilmalar haqida gap boradi.

Qariyb 50 yillik tanaffusdan keyin Qo‘shma Shtatlar raketalarining Rossiyaga yaqin hududda paydo bo‘layotgani Moskvada xavotir bilan qarshilandi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashington va Berlinning bu qarorini «sovuq urush» davriga qaytish deb baholadi.

«Kommersant’» gazetasi Germaniyada joylashtirilgan AQSh raketalarining ehtimoliy parvoz masofasi va nishonlari chizmasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, SM-6 rusumli raketalar 740 km masofaga uchishi mumkin. 1800 km ga qadar parvoz qiluvchi Tomahawk qanotli raketalari Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlarga yetib boradi. Tovushdan tez uchuvchi raketalar (LRHW Dark  Eagle) esa 2775 km gacha parvoz qilib, Murmanskdan to Volgogradga qadar bo‘lgan hududlardagi nishonlarga yo‘q qilish quvvatiga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring