Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Proteksionizm va savdo urushi. O‘zbekistonga shu kerakmi?

Proteksionizm va savdo urushi. O‘zbekistonga shu kerakmi?

Foto: «Google.com»

Oxirgi paytlarda iqtisodchilar va tadbirkorlar o‘rtasida davlatimizning iqtisodiy siyosatida import cheklovlarini qo‘llash bo‘yicha tortishuvlar avj olmoqda. Bu bahslar ijtimoiy tarmoqlarga ham ko‘chib, turlicha populistik fikrlar ilgari surilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish muhitiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi tabiiy, albatta.

Masala nimada?

Ishlab chiqarishni endigina yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar import bojlarini oshirish orqali davlat tomonidan himoya choralarining qo‘llanilishini so‘ramoqda. Ma’lumki, iqtisodiyot nazariyasida bu holat proteksionizm deb ataladi va bu jarayonda mamlakat yoki bir nechta mamlakatlardan iborat bloklar o‘z iqtisodiyotini himoya qilish maqsadida tashqi savdo operatsiyalariga cheklovlar (asosan import bojlari) kiritadi.

Hozirgi kunda, proteksionizmning tariflar, kvotalar, subsidiyalar, sertifikatlash, milliy mahsulotlardan foydalanish talablarini joriy qilish, ma’muriy to‘siqlar, antidemping va valyuta kurslarini boshqarish kabi usullari keng qo‘llaniladi.

Mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish jarayonlari sekinlashgan hollarda proteksionizm siyosatining jozibadorligi oshadi. 2009 yilning iqtisodiy krizisi oxirgi 30 yil ichida xalqaro tashqi savdoni liberallashtirish yo‘lida qilingan barcha ishlarni yo‘qqa chiqardi. Ayniqsa, iqtisodiy faollik pasayishi oqibatida davlat moliyasining kuchsizlangani holatida import bojlarini oshirish budjet taqchilligini kamaytirishga qaratilgan oson usullardan hisoblanadi.

Tarix nima deydi?

AQShda (1930 y.) Smoot-Hawley tariflarining joriy qilinishi tarixda qo‘llanilgan eng katta proteksionistik qadamlardan hisoblanadi. Bunda proteksionizm tarafdorlari iqtisodiyotning «go‘dak» sektorlarini himoya qilish, mahalliy ish o‘rinlarini yaratish, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq sektorlarni saqlab qolish, iste’molchilarni himoya qilish kabi vajlar bilan qonun loyihasini ommaga olib chiqishgan.

Shunda o‘sha davrning eng atoqli iqtisodchilarini o‘z ichiga olgan 1028 olimlar jamoasi Prezident Xerbert Xuverga ushbu tariflarning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida petitsiya yuborishadi. Proteksionizm harakatiga qarshi tomonlar yuqori tariflar tufayli iste’molchilar tanlov doirasining qisqarishi va inflyasiyaning oshishi, «go‘dak» sektorlar esa baribir rivojlanmasligi, buning ustiga, boshqa mamlakatlarning qarshi proteksionistik javob harakatlari orqali savdo urushlarining kelib chiqishi kabi oqibatlarni ko‘rsatgan holda bu harakatga qarshi chiqishdi.

Prezident Xerbert Xuver o‘zi ham qarshi bo‘lishiga qaramay turli biznes doiralari va o‘z partiyasi tomonidan bo‘lgan bosimlar ostida qonunni veto huquqini qo‘llamasdan tasdiqlaydi. Ko‘p o‘tmay, Kanadada ham yuqori import bojlarini e’lon qilgan holda savdo urushlari avj ola boshlaydi, bu esa iqtisodiy depressiyaning yanada chuqurlashishiga olib keladi.

O‘sha davrdan boshlab jahon iqtisodiyotida tashqi savdoni liberallashtirishga yo‘naltirilgan harakatlar avj oladi va iqtisodiyotda savdo qilish savdo qilmaslikdan afzal (trade is better than no trade) prinsipi ostida tashqi savdo konsepsiyalari shakllanadi, xalqaro savdo tashkiloti tashkil etiladi va turli shartnomalar imzolanadi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyin G‘arb mamlakatlari o‘rtasida erkin iqtisodiy savdo umume’tirof etilgan iqtisodiy prinsip sifatida tan olindi va savdo to‘siqlarining minimallashishiga olib keldi.

Erkin tashqi savdo g‘oyalari 300 yil oldingi David Rikardoning solishtirma afzallik nazariyasi ustiga qurilgan bo‘lib, unga ko‘ra, xalqaro miqyosda barcha ishlab chiqarish resurslarining erkin (cheklovlarsiz) harakatlanishi iqtisodiy samaradorlikni o‘stiradi va resurslar o‘zidan maksimal manfaat keltirgan holda aholi farovonligining oshishiga xizmat qiladi.

Agar ishlab chiqarish resurslarining mamlakatlar o‘rtasidagi erkin harakati bo‘lmasa, bu g‘oyalarning amaliy natijalarini ko‘rish imkonsizdir. Solishtirma afzallik prinsiplari asosida ixtisoslashuvning eng yuqori formasini kolonial davrda ko‘rishimiz mumkin. U davrda barcha rivojlanayotgan mamlakatlar o‘zlarining solishtirma afzalliklaridan kelib chiqib, xom ashyo yetishtirib berishga, rivojlangan mamlakatlar esa undan sanoat yoki yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashdi.

Nima uchun davlatlar proteksionist siyosatni qo‘llaydi?

Iqtisodiy nazariya tarafidan qaraydigan bo‘lsak, solishtirma afzallik ham bir optimal holat, lekin rivojlanishga intiluvchi davlatlar har doim o‘zida yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi sektorlarni qo‘llab-quvvatlash yoki strukturaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali aholi farovonligini oshirishga harakat qiladi. Bu jarayonni amalga oshirishda davlat ayrim proteksionistik yo‘llardan foydalanishga majbur.

Erkin savdoning real daromadlar o‘sishiga olib kelishi inkor qilib bo‘lmaydigan fakt bo‘lgani kabi mahalliy o‘zini-o‘zi ta’minlash darajasini saqlab qolishdan ham mamlakat farovonligi uchun real foyda mavjud.

Shu o‘rinda iqtisodchilar tomonidan ko‘p qo‘llaniladigan Keyns so‘zlarini keltirish maqsadga muvofiqdir: «Men xalqlar o‘rtasida iqtisodiy to‘siqlarni eng yuqori darajaga ko‘taradiganlarga emas, balki eng kam darajaga tushiradigan insonlarga xayrixohlik bildiraman. Fikrlar, bilimlar, san’at, mehmondo‘stlik, sayohatlar - bu tabiatan xalqaro bo‘lishi kerak bo‘lgan narsalardir. Biroq tovarlar ishlab chiqarish mantiqan asoslangan darajada mahalliy bo‘lishi lozim. Va eng muhimi, moliyalash birinchi navbatda mahalliy bo‘lishi lozim.»

XX asrda iqtisodiy rivojlanish nazariyasida proteksionizmning boshqa usullari, ya’ni import o‘rnini bosuvchi sanoatlashtirish (import subsitution and industrialization) usullari qo‘llanila boshladi. Ushbu usul XX asr o‘rtalarida ommalashgan bo‘lsada, aslida bu XIX asrning boshlarida nemis iqtisodchisi Fridrix List tomonidan o‘rtaga tashlangan g‘oya edi. Uning fikriga ko‘ra, import bojlari bu mamlakatning kelajakdagi samaradorligini oshirishga bo‘lgan investitsiyadir.

Amerika asoschilaridan bo‘lgan Aleksandr Xamilton esa turli import bojlarini qo‘llash orqali AQShning ilk rivojlanish davrida yirik davlat xarajatlarini muvaffaqiyatli moliyalashtirgan. Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki 80-90 yillarda rivojlanayotgan mamlakatlarga strukturaviy moslashish (Structural adjustment programs (SAPs)) qarzlarini berishda import o‘rnini bosuvchi sanoatlashtirish dasturlarining tugatilishini talab qiladi va ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlardagi ushbu rivojlanish dasturlari muddatidan oldin to‘xtatiladi.

Import o‘rnini bosuvchi sanoatlashtirish ham o‘z davrida mamlakat iqtisodiyotini strukturaviy o‘zgartirishga yo‘naltirilgan jozibador yo‘nalishlardan biri edi. Bu siyosatni ilmiy jihatdan tahlil etgan tadqiqotlarga misol sifatida 1991 yildagi Jahon banki katta iqtisodchisi Dipak Mazdumarning «Import o‘rnini bosuvchi sanoatlashtirish va kichik miqyosli proteksionizm: Hindiston to‘qimachilik sanoati tajribasi» maqolasini keltirish mumkin. Unga ko‘ra, Hindistonda ham rivojlanishning ilk davrlarida sanoatni rivojlantirish siyosati tashqi savdo siyosati bilan chambarchas bog‘liqlikda olib borilgan bo‘lib, davlat tomonidan ayniqsa to‘qimachilik sanoati qattiq himoya qilingan.

1950-60 yillarda Koreyadagi to‘qimachilik sanoatini himoya qilishga qaratilgan yuqori proteksionistik choralar ushbu mamlakatning eksport potensialini rivojlantirishdagi muhim qadamlar bo‘lib hisoblanadi. 60-yillarning o‘rtalarida Koreya davlati tomonidan faqatgina eksport qiluvchilarga erkin import qilish imkoniyatlari ochib berildi. Valyuta kurslarini davlat tomonidan inflyasiya darajasiga nisbatan qadrsizlantirib borish siyosati esa eksport qiluvchilarga narxlar o‘sishidan keladigan zararlarni kompensatsiya qilib, ularning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Xulosa qilib aytganda, erkin savdo iqtisodchilar tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanadigan yondashuv bo‘lishiga qaramay, davlatlarning barchasiga birdek mos keladigan tashqi savdo siyosati mavjud emas. Jahon savdo tashkiloti tashkil bo‘lganidan so‘ng tarif va kvotalar orqali tashqi savdo operatsiyalarini nazorat qilish imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa-da, ularning o‘rniga murakkab himoya usullari ishlab chiqildi.

Masalan, standartlashtirish, sertifikatlash, antidemping va antisubsidiyalash kabi ichki bozorni himoyalashning yangi usullari qo‘llanila boshlandi. Shu sababli taraqqiy etayotgan davlatlarning iqtisodiy siyosatlari betakror, umumqabul qilingan nazariy qarashlarga mos kelmasligi va ba’zi hollarda xatto qarama-qarshi ham bo‘lishi mumkin.

Qaysi yo‘lni tanlash lozim?

Proteksionistik siyosat amalga oshirilayotganda «yutuvchi taraflarning foydasi yutqizuvchi taraflarning zararidan ko‘p va shu bilan jamiyat uchun nafli», degan qarash bilan proteksionistik siyosatni oqlab bo‘lmaydi.

Birinchi navbatda davlat tomonidan yutuvchilar foydasi hisobiga yutqizuvchilar zararini qoplash mexanizmlarining joriy etilishi orqali proteksionistik siyosatning amalga oshirilishini asoslash mumkin bo‘ladi.

Proteksionizm iqtisodiy rivojlanish bosqichida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan turli iqtisodiy usullardan biri sifatida yashash xuquqiga ega va uning samarali bo‘lishi uchun quyidagi sharoitlar bo‘lishi shart:

1. Himoyaga olinayotgan sektorlarning texnologik jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlar mavjudligi. Masalan, Xitoydan televizor ishlab chiqarishni O‘zbekistonga ko‘chirib kelganimiz bilan texnologik jihatdan rivojlanish bo‘lmas ekan, biz Xitoydan arzon televizor ishlab chiqara olmaymiz va ular bilan raqobat qila olmaymiz. Himoya qilinayotgan sektorlarni rivojlantirish uchun mutaxassislar va ilmiy salohiyatni kuchaytirish lozim.

2. Ushbu sektorlarning uzoq muddatli strategik rivojlanish va investitsiya dasturlarining mavjudligi. Ushbu dasturlar raqobatbardoshlikni bosqichma-bosqich oshirish chora-tadbirlarini o‘zida mujassamlashtirishi lozim.

3. Himoya usullarini bosqichma-bosqich kamaytirib borish orqali ishlab chiqaruvchilarni erkin raqobatga tayyorlab borish yondashuvining mavjudligi. Afsuki, jahon tajribasida himoya qilishning optimal davrini aniqlash bo‘yicha yaxshi tajribalarni topish mushkul.

Masalan, Malayziya mamlakatida 1985 yilda tashkil qilingan avtomobil sanoati yuqori tariflar hisobiga himoya qilingan bo‘lsa-da, hozirgacha ham o‘z raqobatbardosh mahsulotini ishlab chiqara olmadi.

Daniel Borer (2018) tadqiqotida ichki avtomobil sanoatini himoyalash evaziga yo‘qotilgan farovonlikning yuqori ekanligi tufayli ushbu sanoatni saqlab qolish o‘zini oqlamasligi to‘g‘risida xulosa qilingan va raqobatbardoshlikni oshirish uchun import cheklovlarini pasaytirish tavsiyalari berilgan.

Xulosa o‘rnida
Xulosa yakunida shuni aytish joizki, ushbu bahsli savollarga javob topishda eng muhim ahamiyat kasb etuvchi omil – bu mazkur sohadagi chuqur ilmiy tadqiqotlarning amalga oshirilishidir.

Ilmiy izlanishlar va zamonaviy metodologiyalar orqali olingan murakkab hisob-kitoblar asosidagina mamlakatimiz farovonligini oshirish uchun optimal iqtisodiy siyosat yo‘li tanlanishi lozim.

Har qanday populistik, ijtimoiy tarmoqlarda shakllanayotgan oqimlar va harakatlar bosimining iqtisodiy siyosatga bo‘lgan ta’sirini minimallashtirish ham barqaror rivojlanishning muhim omilidir.

X. Obidov
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring