Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Propiskaga oid Prezident Farmonida nimalar ko‘zda tutilmoqda?

Propiskaga oid Prezident Farmonida nimalar ko‘zda tutilmoqda?

Foto: Xabar.uz

«Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident Farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev mazkur farmonda nimalar ko‘zda tutilganiga to‘xtaldi.

Eng asosiysi ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tiladi. Xabar berish xususiyati nima degani? Ya’ni aksariyat rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi shunchaki fuqaro qayerda yashayotganini onlayn xabar qilib qo‘yadi, tamom. Davlat organidan maxsus ruxsat so‘rash, bir dunyo hujjat yig‘ish shart bo‘lmaydi, deb yozadi u.

Birinchi bosqichda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • «propiska» tushunchasi bekor bo‘lib, o‘rniga «ro‘yxatga olish» tushunchasi kiritiladi;
  • propiskasiz ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat beriladi;
  • propiskasiz fuqarolar mulk olganda to‘laydigan o‘ta qimmat davlat bojlari stavkasi bekor qilinadi;
  • er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlanadi;
  • ish joyidan doimiy ro‘yxatga olinganlar ishdan ketgandan keyin ham propiskasini yo‘qotmaydigan bo‘ladi;
  • Toshkentda joylashgan davlat tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadigan bo‘ladi;
  • ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi;
  • oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
  • birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarni nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi;
  • 1 sentyabrdan boshlab Toshkentda doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga o‘zgartiriladi;
  • pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga propiska uchun shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi va bu raqamlashtiriladi;
  • doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilinadi.
  • soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi taqdim etilganda vaqtincha ro‘yxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi;
  • ro‘yxatga olish tartibini buzganlik O‘zbekiston fuqarolarini tegishli hudud va manzildan chiqarib yuborish uchun asos bo‘lib hisoblanmaydi.

Shuningdek, Farmonning asosiy qismi idoralararo elektron tizimlarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlarga bag‘ishlangan. Bu kelgusida ro‘yxatdan o‘tish tizimi to‘liqligicha onlayn formatda amalga oshirilishidan dalolat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring