Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura xodimlari ishtirokida baxtsiz hodisa ro‘y berdi

Prokuratura xodimlari ishtirokida baxtsiz hodisa ro‘y berdi

Foto: «Xabar.uz»

2020-yil 7-noyabr soat 21:30larda Surxondaryo viloyati prokuraturasi haydovchisi O‘.Kattayev xizmat avtomashinasida Termiz tumanidan Termiz shahri tomonga harakatlanib kelayotganida YHTga uchradi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, avtomobil Termiz tumani hududidagi Termiz–Uchqizil temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 57-kilometrining 9-piketida joylashgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasidan o‘tayotganda, ehtiyotsizlik oqibatida harakatlanib kelayotgan rezerv teplovoz bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Baxtsiz hodisa oqibatida O‘.Kattayev va old o‘rindiqdagi viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori B.Ergashev hodisa joyida vafot etgan. Shuningdek, orqa o‘rindiqda bo‘lgan viloyat prokurori o‘rinbosari X.Kulliyev tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan 8 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring