«Prokuratura organlari yangi davrga qadam qo‘ydi» – Nig‘matilla Yo‘ldoshev
Prokuratura organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida qariyb 28 mingta tekshirish o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha jami 134 mingtaga yaqin prokuror nazorati hujjati qo‘llanildi. 321 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 2,3 trln. so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.
Voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini ta’minlash va ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish yo‘nalishida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 13,2 ming nafardan ziyod shaxs javobgarlikka tortildi, 5,2 mlrd. so‘m zarar ixtiyoriy undirildi.
«Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish sohasidagi faoliyat ham takomillashib bormoqda. Bu boradagi dolzarb muammolar va yechim talab masalalarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 380 dan ziyod muvofiqlashtiruvchi kengashlari o‘tkazildi.
Shu o‘rinda jinoyatchilik, jumladan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yangicha va samarali mexanizmlar joriy etilayotganini qayd etish joiz.
Birgina misol: har bir soha, tarmoq, vazirlik yoki idora tizimida korrupsiyaga sharoit yaratayotgan sabablar, omillar va boshqa jihatlar ana shu vazirlik va idoraning o‘zida mutasaddilar ishtirokida batafsil muhokama qilinmoqda, mavjud muammolar, kamchiliklar va bularga yo‘l qo‘yganlarning faoliyatiga xolis baho berilmoqda. Bunday amaliyot bir tomondan jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga, boshqa jihatdan esa, jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda», deya qayd etadi Bosh prokuror.
Sudlarda jinoiy, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sudlarda qariyb 80 mingta ishning ko‘rilishida prokuror ishtiroki ta’minlangan.
«Fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni hal etish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Joriy yilning 10 oyida kelib tushgan jami 388 mingdan ziyod murojaatning 215 mingtasi bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqilib, 287 ming nafar fuqaro qabul qilindi.
Natijada 41 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan 91 mingga yaqin murojaatda ko‘tarilgan masalalarni ham hal etish choralari ko‘rildi», deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Bosh prokuror o‘z maqolasida Konstitutsiya normalarini qo‘llashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar ko‘p vaqtdan buyon dolzarb bo‘lib turgan va aholini tashvishga solayotgan muammolar yechimini topishda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini qayd etadi.
Xususan, kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 ga yaqin jiddiy muammolar bartaraf etilishiga erishilgan.
Jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suviva issiqlik tarmoqlari barpo etildi, gaz taqsimlash, transformator punktlari, suv nasoslari hamda qozonxonalar yangilandi, ko‘p xonadonli uylar va ularning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi.
Ko‘mir mahsulotlarini joylarga barqaror yetkazib berishni ta’minlash maqsadida Bosh prokuraturada Respublika shtabi va prokurorlar ishtirokidagi hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi.
Ko‘mirni talon-toroj qilishning oldini olish maqsadida hududiy ombor va mavsumiy shoxobchalarga prokuratura va boshqa tuzilmalar vakillari biriktirildi.
Talon-toroj ehtimoli mavjud bo‘lgan temir yo‘l bekatlari aniqlanib, ko‘mirning iste’molchilarga xavfsiz va to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash uchun mazkur bekatlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari mas’ul etib belgilandi va patrul avtomashinalari ajratildi.
«Natijada bugungi kunda barcha iste’molchilarga ko‘mirni o‘z vaqtida va yetarli hajmda yetkazish imkoniyati yaratildi», deydi N.Yo‘ldoshev.
Prokuratura organlarida joriy etilgan «Budjet nazorati» elektron dasturini Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining tegishli tizimlari bilan integratsiya qilish orqali barcha ob’yektlarning loyihasini ishlab chiqishdan boshlab, u foydalanishga topshirilgunga qadar bo‘lgan jarayonlar bo‘yicha «tuman – viloyat – respublika» darajasida onlayn monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Internetda ochilgan maxsus kanal va shtablarda ishga tushirilgan «ochiq telefon» orqali keng jamoatchilik uchun dasturlar ijrosining borishini muhokama qilish imkoni yaratildi.
Tizimli kamchiliklar omillarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan noxolis baholash mezonlari bekor qilindi, 46 mingdan ziyod pudratchi tashkilot qayta saralanib, ularning zarur salohiyatga ega bo‘lmagan 29 mingtasi reyting ro‘yxatidan chiqarildi. Pudratchini tanlash jarayonida xarid komissiyasining ishtiroki ilk marotaba to‘liq bekor qilindi.
Ilgari jamoatchilik uchun yopiq bo‘lgan va noroziliklar keltirib chiqargan loyiha hamda pudrat tashkilotlarining reyting ballari va ularni shakllantirgan ko‘rsatkichlar oshkora yuritila boshlandi.
«Natijada birgina joriy yilgi davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarda qimmat va asossiz hisoblangan 2 trln. 566,6 mlrd. so‘mlik qiymat maqbullashtirilib, budjet mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olindi, 22,2 mlrd. so‘mlik sifatsiz ishlar va 15,3 mlrd. so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etildi», deyiladi maqolada.
Yuosh prokurorning qayd etishicha, sho‘rolar qatag‘onlarining dahshatli davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham ko‘plab musibatlarga duchor bo‘lgan.
«Ori va nomusini har narsadan ustun qo‘yib, nohaqliklarga qarshi borgan, qat’iyat ko‘rsatgan, chin ma’noda dovyurak va vatanparvar mahalliy xodimlarning 150 nafariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 30 nafari esa otib tashlangan. Bu ma’lumotlar faqat qisqa muddatda aniqlanganidir.
Nohaqlik azoblarini tortgan tizimimiz xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, ularning jasoratini yosh avlodga yetkazish bo‘yicha bugun aniq ishlarni boshladik», ta’kidlaydi N.Yo‘ldoshev.
Xulosa qilinishicha, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofazalashdek sharafli vazifalarni zimmasiga olgan prokurorlarning mas’uliyati endi har qachongidan ham kuchaygan.
«Yangilangan Konstitutsiyaning amalga kiritilishi bilan prokuratura organlari ham yangi va mas’uliyatli davrga qadam qo‘ydi», deydi Bosh prokuror.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter