Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Profilaktika tadbirlari xo‘jako‘rsingami?

Profilaktika tadbirlari xo‘jako‘rsingami?

Foto; S.Haydarov

Prezidentimizning 2017-yil 14-martdagi qarori bilan haftaning payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilandi. Qarorga muvofiq ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha fuqarolarning sayyor qabullari, sud muhokamalari bo‘yicha sayyor sud, jinoyatchilikning oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha reydlar, fohishalik, ichkilikka ruju qo‘yish, giyohvandlikni odat qilganlar bilan profilaktik tadbirlar... o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Qaror ijrosi doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida o‘tgan yilning 10 oyi mobaynida respublika miqyosida umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga, shundan talonchilik 16 foizga, bosqinchilik 19 foizga, qotillik 21 foizga, tovlamachilik 22 foizga, bezorilik 34 foizga kamayishiga erishilgan. Ayollar o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari 16 foizga, yoshlar o‘rtasida 14 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida 17 foizga kamaygan. Aholi va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik va muloqot o‘rnatilishi oqibatida 1 ming 243 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

Hisobotdagi raqamlar, albatta, o‘z-o‘zidan to‘qib chiqarilmaydi. Uning ortida minglab ichki ishlar xodimlarining mehnati, halovatsiz tunlari yotibdi. Biroq...

Qo‘l sinsa, yeng ichida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektorda: «Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Lekin ayrim joylarda ularning faoliyati odamlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda», degan edi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi mavzusini o‘rganish chog‘ida bu gaplarning ayni haqiqatligi va hamon shamoli esib turganligiga ishonch hosil qildik. Toshkent shahri misolida bir oy davomida olib borgan kuzatuvlarimiz bilan tanishib, o‘zingiz xulosa chiqararsiz.

Toshkent shahar IIBB rejasi bo‘yicha 16-noyabr kuni o‘tkazilishi mo‘ljallangan profilaktika tadbirlari ro‘yxatini olgach, ayrim manzillarning telefon raqamini topib, mavzu yuzasidan qo‘ng‘iroqlashdik.

— Allo, assalomu alaykum. Uchtepa tumani «Shirin» mahallasimi?

— Ha, eshitaman.

— Bugun huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni munosabati bilan mahallada qanday tadbir o‘tkazilayapti?

— Bugun hisobida hozircha o‘tkazilgani yo‘q.

— Ayni paytda mahalla bilan birga dizayn kollejida jinoyatchilik bo‘yicha muhokama o‘tkazilishi kerak edi-ku.

— Bilmadim, bizga hozircha bu haqida hech kim xabar bergani yo‘q.

— Mahalla raisi va noziri qayerda?

— Mahallani aylangani yaqindagina chiqib ketishgandi.

Telefon go‘shagini qo‘yarkanmiz, «Bu tadbirga mas’ul ichki ishlar xodimlari ayni paytda nima qilishayotgan ekan?», «Mahallaga xabar bermasdan, jinoyat ishi muhokamasini imi-jimida o‘zlari o‘tkazib ketishdimikan?», «Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Mahalla odam to‘plab bermasa, kimga tushuntirish ishlari olib boriladi?» kabi qarama-qarshi fikrlar xayoldan o‘tadi. So‘ngra keyingi manzil raqamiga sim qoqdik.

— Shayxontohur tumani «Novza» mahallasimi?

— Assalomu alaykum, eshitaman.

— Bugun payshanba — huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni, shu munosabat bilan mahallada qanday tadbir o‘tkazildi?

— Xabarim yo‘q, men bu yerda ishlamayman.

— Unda kimsiz, mahalla idorasida nima qilib o‘tiribsiz?

— Shu mahallada yashayman. Ish bilan kelgandim, biroz shu yerda o‘tirib turishimni iltimos qilishdi...

Ayni paytda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan targ‘ibot-tashviqot tadbiri haqida bilishga urindik. Uning aytishicha: «Mahalla xodimlari shu atrofda yuribdi, lekin hozircha hech qanday yig‘in haqida gap yo‘q».

Shu tarzdagi suhbatlarimiz jarayonida Mirobod tumani «Bilimdon» mahallasida profilaktika tadbiri o‘rniga aholiga yog‘ tarqatilayotgani, «Sofdil» MFY xodimlari esa hudud nozirining kimligini  hatto bilmasligi, profilaktika tadbirlaridan umuman bexabarligi, Yashnobod tumani «Boyqo‘rg‘on» MFY xodimlari profilaktika kuni haqida ma’lumotga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Yana ushbu tumandagi «Muxtor Ashrafiy» va Yunusobod tumanidagi «Bog‘ishamol» mahallalarida shunga o‘xshash holat ekan.

Telefon orqali xabarlashuvlar asnosida guvohi bo‘ldikki, Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni tadbirlari ko‘plab mahallalarda risoladagidek o‘tkazilayotir. Misol uchun, Mirobod tumanidagi «Parvona», Yunusobod tumanidagi «Husniobod», Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Nur» mahallalarida olib borilayotgan ishlar maqtovga sazovor.

Toshkent shahar IIBBning 16 noyabrdagi ishlar hisobotiga ko‘z tashlasak, shu kungi profilaktika tadbirlariga jami 2 654 nafar xodim jalb etilgan bo‘lib, 8 ta yo‘nalish bo‘yicha profilaktik-ogohlantiruv tadbirlarni amalga oshiruvchi guruhlar tashkil qilingan. 21 ta mahallada 20 ta jinoyat muhokamasi, 18 ta mahallada ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan sayyor sud, 21 ta mahallada ko‘p qavatli uylar va yakka tartibdagi xonadonlarni texnik qo‘riqlov pultiga ulash hamda ijtimoiy soha ob’yektlariga videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish kabi tadbirlar amalga oshirilgan. Ammo biz duch kelgan salbiy holatlar bu borada hali ko‘p ish qilinishi kerakligidan dalolat berib turibdi.

Ming eshitgandan bir ko‘rgan afzal

23-noyabr, payshanba. Soat 9:00. Chilonzor tumanidagi «Sharq» mahallasidamiz. Qo‘limizdagi reja bo‘yicha ayni shu vaqtda IIB xodimlari tomonidan mahalla hududida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha reyd o‘tkazilishi belgilangan. Ammo biror soat chamasi shu atrofda kuymalansak-da, tadbir tashkilotchilari qorasini ham ko‘rsatmadi. So‘ngra MFY idorasi eshigini taqillatdik. Mahalla raisi bilan suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, hududda reyd o‘tkazilishi haqida ularga hatto xabar ham berilmagan.

Bu vaziyatdan biroz hayron bo‘lgancha qo‘shni mahalla tomon yo‘l olamiz. «Sharof» MFY maslahatchisi bizga mahallada qilinayotgan ishlar haqida gapirib berar ekan, xavfsizlik va obodonlashtirish ishlari ko‘ngildagidek olib borilayotganini qistirib o‘tdi. Biroq bugungi profilaktika kuni haqida so‘z ochganimizda, to‘satdan jim qoldi. Mahalla raisi va noziri yo‘qligi bois maslahatchi ulardan o‘tib biror nima deyishga ikkilandi, nazarimizda. Hududda reyd o‘tkazishi kerak bo‘lgan ichki ishlar xodimlaridan esa hozircha darak bo‘lmagan.

Keyingi manzil — Uchtepa tumanidagi «Farhod» mahallasi. Idorada hech zog‘ uchramadi. Bu yerda kutib o‘tirib vaqtni boy bermasdan, «Bog‘ichinor» mahallasida o‘tadigan sayyor sud majlisiga oshiqdik. Soat 14:00 ga yaqin «Farhod»ga qo‘ng‘iroq qilib, mahalla maslahatchisidan 229-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, chindan ham, profilaktika tadbiri tashkil etilishi kerakligi, ammo hech qanday «muhokama-puhokama» o‘tkazilmaganini bilib oldik.

Hayronsan kishi, qo‘limizdagi ro‘yxatda mahalla raisi, profilaktika inspektori va Toshkent shahar IIBB rejasida qayd etilgan xodimlar hamkorligida jinoyatlar muhokamasi o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Nomi bor-u, o‘zi yo‘q bunaqa tadbirlar haqida necha qog‘ozlab hisobotlar to‘qib-bichilgan ekan — shu yog‘i qiziq. Taassufki, ro‘yxatlarda xo‘jako‘rsinga qayd etilib, qog‘ozlardagina amalga oshirilgan profilaktika tadbirlari natijasida qanchalab huquqbuzarlikning oldini olish imkoniyati boy berildi.

«Huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Asosiy masala huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir», degan edi Prezidentimiz 15 noyabrda o‘tkazilgan videoselektorda.

Jazolash emas, davolash kerak

Uchtepa tumanidagi «Bog‘ichinor» mahalla fuqarolar yig‘ini binosini topgunimizcha naq ona sutimiz og‘zimdan keldi. Negaki, MFY idorasi Bog‘ichinor ko‘chasida emas, Lolazor ko‘chasida joylashgan ekan. Sal avval zikr etilgan sayyor sud majlisi xuddi shu manzilda o‘tkazilishi belgilangan edi. Xayriyat, bir soatlar chamasi kechikib bo‘lsa-da hakamlar yetib kelishdi. Jami 11 ta ish ko‘rib chiqildi: yo‘l harakati qoidalarini buzish (5), huquqbuzarlik (2), noqonuniy tadbirkorlik (1), jamoat joyida ichkilikbozlik (1), Toshkent shahrida propiskasiz yashash (1). Bitta ish esa sud tomonidan rad etildi.

Sudning o‘tgani emas, unga IIB xodimlari tomonidan qanday mazmundagi ishlar taqdim etilgani muhim. Masalan, jamoat joyida alkogol ichimligi ichganligi uchun uch nafar ayoldan jarima undirilishi so‘ralgan. Ammo muhokama jarayonida ayblanuvchilar taqiqlov qo‘yilmagan joyda ichimlik iste’mol qilishganini aytishdi. Buni IIB xodimi ham tasdiqladi. Ayblanuvchilarga nisbatan ogohlantirish hukmi chiqarildi. Taajjublanasan, bu ish nima uchun sudga taqdim etildi-yu, qanday natijaga erishildi?..

Keyingi hukmda Toshkent shahrida vaqtincha propiskasiz yashagan olti yigit javobgarlikka tortilib, har biriga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima belgilandi. Endi bu yog‘ini eshiting, ayblanuvchilarning biri bilan telefon orqali bog‘langanimizda ushbu holat aslida birinchi marta yuz bergani, lekin ikkinchi marta deb rasmiylashtirilgani, ular esa IIB xodimining bosimi bilan sudda churq eta olishmaganini aytdi.

«Do‘xtir bilan militsiyaga ishing tushmasin», degan so‘zlar bejiz kelib chiqmaganiga, mana, o‘zimiz guvoh bo‘lib turibmiz. Aslida bu soha vakillari aholining eng yaqin do‘stiga aylanishi kerak emasmi?! Ular haqida xalqimizda salbiy fikr o‘rnashib qolgani to‘g‘risida davlatimiz rahbari ham ko‘p gapiradi. Endi buni o‘zgartirish uchun qancha ter to‘kilishi, balki avlodlar almashishi kerak bo‘ladi.

Sud rad etgan ishning mazmuni qisqacha shunday edi: 1,5 yashar farzandi ehtiyotsizlik sababli oyog‘ini kesib olgani uchun onadan jarima undirish kerak... ekan. IIB xodimining qayta-qayta «ko‘rib chiqmasa bo‘lmaydi»sidan keyin sudya Alisher Sattorov shunday dedi: «Bolasini ko‘tarib shifoxonama-shifoxona yugurib yurgan onaga qaysi me’yorlarga tayanib, qaysi vijdon bilan jazo tayinlaymiz? Men bunaqa ishni ko‘rib chiqmayman...».

Yulduzni benarvon uraman, yelkamdagi yulduzlarni yana bittaga ko‘paytiraman deb oyog‘i toyib ketib, yulduz sanab qolish ham hech gap emas. Eng yomoni, xalq orasida davlatga, hukumatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati paydo qilgani qoladi. Biz bu bilan IIB xodimlarining barchasi shunday degan fikrdan yiroqmiz, albatta. Ammo «bitta tirraqi buzoq»ning qilig‘i ko‘pga tatishi kishini tashvishlantiradi.

Tanganing o‘ng tomoni

Kuzatuvimizning uchinchi haftasi, 30 noyabr — payshanba kuni ko‘proq ijobiy holatlarga duch keldikki, bundan o‘zimiz ham g‘ururlandik. «Rakat», «Boshliq», «Damariq» (Yakkasaroy tumani), «Beshyog‘och», «Kichik Xirmontepa» (Chilonzor tumani), «Bahor» (Mirzo Ulug‘bek tumani) singari mahallalarda xavfsizlik profilaktikasi kunidagi tadbirlar o‘z o‘rnida amalga oshirilgani aniqlandi.

Telefon orqali olingan xushxabarlardan xursand bo‘lib, Yakkasaroy tumanidagi «Qushbegi» mahallasi tomon shoshildik. Ayni paytida borgan ekanmiz, bir guruh faollar janjalli oilani yarashtirish masalasi bo‘yicha yo‘lga otlanayotganining ustidan chiqdik. MFY raisining ta’kidlashicha, payshanba — huquqbuzarlik profilaktikasi kuni deb e’lon qilingach, muntazam tashkil etib kelinayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilda mahalla hududida jinoyatchilik o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar kamaygan, faqat ikki fuqaro yengil jinoyat sodir etgan.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilanganligi xalqimizning yanada xavfsiz va osoyishta yashashiga sharoit yaratdi, — deydi Shayxontohur tumani IIB voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi inspektori, katta leytenant G‘ayrat Abdusamadov. — Olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlar natijasida yurtimizda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar soni keskin kamaydi. 

Yana bir gap

Kuzatuvlarimiz natijasida yana shunga amin bo‘ldikki, profilaktika tadbirlari o‘tkazilishi oldindan rejalashtirilsada, MFY xodimlarining bir kun oldin, ba’zan kechasi xabardor qilinishi yoki IIB xodimlarining belgilangan manzilga kelmay qolishi haolatlari uchrar ekan.

— Mahallamizda birorta jinoyat sodir etgan shaxs yo‘q. Mahalla tinchligi va aholi uyushqoqligi ham shunga yarasha, — deydi «Bo‘rijar» MFY maslahatchisi Manzura Bahromova. — Sayyor sudlarning tashkil qilingani aholi uchun ancha qulay bo‘lsa-da, lekin boshqa mahallada yashovchi fuqaro sodir etgan jinoyatni o‘zga mahallada sud qilish, menimcha, biroz noto‘g‘ridek.

Albatta, bu jihatlar ham bor. Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish esa masalaga yuzaki yondashishdan kelib chiqadi.

Profilaktika kuni — dam olish kuni...mi?

Poytaxtimiz bo‘ylab uzoq cho‘zilgan sayohatimizning oxirgi payshanbasi — 7 dekabr kuni mahallalarga emas, xorijga chiqish-kirish, fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga borib, yopiq eshiklar oldida keldi-ketdini kuzatdik.

Uchtepa tumani ichki ishlar boshqarmasining xorijga chiqish-kirish, fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga ayni choshgoh payti ish bilan kelgan o‘ttizga yaqin fuqaro hafsalasi pir bo‘lib qaytib ketdi. Bir soat turib sanaganimiz shuncha, kun bo‘yi necha kishining ovorasi chiqqani esa faqat xudoga ayon. Binoga kiraverishda o‘qlovday harflar bilan «Payshanba kuni aholiga xizmat ko‘rsatilmaydi» deb bitib qo‘yilgan.

— Payshanba kunining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» deb e’lon qilingani yaxshi, albatta. Shu munosabat bilan qanday ishlar amalga oshirilayotgani, ularning ijobiy natijalaridan ham matbuot orqali xabardor bo‘lib boryapmiz. Ammo profilaktika kuni ekan deb, o‘sha kuni aholiga xizmat ko‘rsatmay qo‘ya qolish kerak emas-ku, — deydi yurtdoshlarimizdan biri. — Mana, bugun bolalarimni qo‘shniga tashlab, pasport masalasida juda zarilligidan keldim. Falon ish kunidan keyin uchrashing, deyishgandi. Sanab chiqsam, ayni bugun ekan. Payshanba kuni aholiga xizmat ko‘rsatilmasligi tushimga kiribdimi? Birgina men emas, qancha odam ovora bo‘lib qaytib ketyapti. Axir, profilaktika tadbirlari bir soat bo‘lar, ikki soat bo‘lar, kun bo‘yi davom etmaydi-ku!..

Mirzo Ulug‘bek tumani IIB xorijga chiqish-kirish, fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi binosida ta’mirchilarga duch keldik. «Bugun xodimlar kelmaydimi?» degan savolimizga usta yigit: «Yo‘q, shuning uchun ham devor bo‘yayapmiz», dedi. Ortimizga qaytayotib, posbondan qabul kunlarini surishtirganimizda: «Payshanba va yakshanba qabul yo‘q, qolgan kunlari esa bemalol kelaverishingiz mumkin», degan javob oldik.

Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku: payshanba profilaktika kuni deb aholiga xizmat ko‘rsatishmasa, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkaziladigan joylarga esa borganidan bormagani ko‘p bo‘lsa... Prezidentimizning shu yil 14 martdagi qarorida haftaning payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilab qo‘yilgani-ku rost, ammo bu o‘sha kuni aholiga eshiklarni taqataq berkitib qo‘yish to‘g‘rimi? Bunaqada xalqimizda payshanba — ichki ishlar idoralari uchun dam olish kuni ekan, degan tasavvur uyg‘onib qolmaydimi?!

So‘ngso‘z

Mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf qilishdan iborat yangicha mexanizm joriy etildi.  Har haftaning payshanba kuni — «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilangani joylarda ijobiy samara bermoqda. Bu boradagi o‘n oylik holat aks etgan aniq raqamlarni maqolamiz avvalida keltirib o‘tdik.

Shu yil 15 noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barcha sa’y-harakatlarga qaramasdan, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kamchiliklar hali ko‘pligi, ularni bartaraf etish va sohadagi ahvolni o‘nglash, berilgan topshiriqlarning qat’iy ijrosini ta’minlashda davlat idoralari, mahalla faollari va boshqa jamoatchilik tuzilmalarining hamjihatligini yanada mustahkamlash lozimligi ta’kidlandi. Huquqbuzarliklar profilaktikasida xizmat intizomi va qonunchilikni kuchaytirish, ichki ishlar idoralari tarkibiga adashib kirib qolgan, mas’uliyatni to‘la anglamasdan, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan xodimlardan tozalash masalasi doimo dolzarbdir, dedi davlatimiz rahbari. Bundan oshirib biz nima ham derdik...

Sulaymon Haydarov
«Ishonch» gazetasidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring