Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Professor so‘nggi «mogikan»lardanmi yoxud filolog tadbirkorga aylanganda...

Professor so‘nggi «mogikan»lardanmi yoxud filolog tadbirkorga aylanganda...

Bir necha kun burun filologiya fanlari doktori, professor, ko‘p taniqli adabiyotshunos olim Yo‘ldosh Solijonov sim qoqib qoldi.

Domla «To‘rtko‘cha» haqida bir muddat qizg‘in so‘zlab, roman bilan meni tabrikladi. So‘ng «Said Ahmad haqida bir kitobim chiqyapti, Muzaffar (domlaning o‘g‘li, mening kursdoshim, do‘stim!) sizga yetkazadi, o‘zingiz ishlayotgan institutga qancha kerak bo‘lsa, olib, mening nomimdan tarqating!» dedi.

Go‘shakni qo‘ygach o‘yladim: Yo‘ldoshali aka har doim shunday ish tutadi – kitob chiqarib, uni mutaxassislarga in’om qiladi. Mana, hozirda qutlug‘ 85 yoshni qarshi olyapti, lekin safda tik turib, soha muammolari haqida o‘ylab, izlanib yuribdi. Ana, yaqinda taniqli shoir Abdunabi Boyqo‘ziningg 70 yillik yubileyida ham Andijonga borib, asosiy ma’ruzachilardan biri sifatida nutq so‘zladi. Yo‘q, domla hech qachon «navbatchi so‘zlovchi»lardan bo‘lmaydi, bo‘lmagan ham, hamisha yangi gap aytishga, muhimi, to‘g‘ri, asosli gap aytishga haraqat qiladi va buning uddasidan chiqadi ham.

Men domlaga: «Umarali Normatov kabi ustozlarimizdan keyin yozgan narsangga e’tibor berib, bu yeri yaxshi, u yerida tuzatilishi kerak bo‘lgan joyi bor ekan, deya xayrixohlarcha maslahat berib turadigan bir-ikki adabiyotshunos qoldingizlar. Iloyim, umrlaringiz uzoq bo‘lsin, domla!» dedim.

Keyin yana o‘yladim: «ishqilib, sizlar – Ibrohim G‘afurov, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Dilmurod Quronov, Islom Yoqubov... kabi munaqqidlar so‘ngi mogikanlar bo‘lmanglar-da, izlaring davom etsin-da!»...

Shu suhbatdan 4-5 kun o‘tib, kecha Muzaffar do‘stimiz ikki bog‘lam kitob ko‘tarib kelib qoldi. Kitobni yana bir kursdosh do‘stimiz Sobir Muhammad o‘zining «Qamar» nashriyotida chop qilib beribdi. Kitobni varaqlar ekanmiz, choy ustida soatlarcha suhbatlashdik.

Muzaffar ham ot izini bosib, filologiya sohasida o‘qidi, biroq taqdir taqozosi – «O‘tish davri» shart-sharoitlari tufayli biznes dunyosiga ketgan, o‘sha yerda faoliyat yuritayotgan safdoshlarimizdan. U o‘z vaqtida juda yaxshi she’rlar, maqolalar yozgan, ayrimlari menda saqlanib ham qolgan. Tilga alohida qobiliyati bor: men biroz bo‘rttirib: «Muzaffar turk tilini turkdan, rus tilini rusdan yaxshi biladi», deb qo‘yaman. Aslida, shunday joylari borligi aniq.

Ne yoziqki, sohamiz shunday filologdan «ayrilib qolgan».

Ammo bunday «ayriliq»lar ba’zan yaxshi natijalar ham berib turadi. Chunonchi, Muzaffar uzoq vaqt «Pepsi» kompaniyasining ishlab chiqarishi boshida turdi. Keyin «milliy brend» yaratayotganlar safiga qo‘shildi. Milliy kola, milliy fanta, qisqasi, «milliychilar» dunyosiga o‘tib, yangi tendensiyani dadil boshlovchilaridan biriga aylandi: masalan, po‘rtaxol (fanta) ichimligi idishiga Boburning «Boburnoma»sidan misralar olib yozdirdi. Tasavvur qilyapsizmi, kola (pepsi) yoki shu kabi ichimliklar qayerdayu Boburning «Boburnoma»si qayerda! O‘rtada qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin?.. Gap shundaki, apelsin, mandarin, limon kabi mevalar bizga sovetlar davrida yoki mustaqillikdan keyin kelgani yo‘q, ota-bobolarimiz ularni ilgari ham bilishgan, iste’mol qilishgan, hatto o‘zga tildagi otlarini sof turkonaga aylantirib talaffuz ham qilishgan. «Boburnoma»dan olingan yozuv bizga shu fikrni beradi. Bu fikr esa, o‘z o‘rnida tildagi ko‘pgina chalkashli masalalarga yo‘l-yo‘riq vazifasini o‘taydi. Ya’ni tashqaridan olingan narsa o‘z oti bilan qabul qilinar ekan, uni hech qursa, o‘z talaffuzimizga moslamog‘imiz kerak. Bunga, mana, bobomiz Boburshoh tutgan yo‘l misol.

Xullas, milliy po‘rtaxol ichimligi bag‘rida lotin harflarida shunday yozuv bor:

«…..914 (1508) yili bir chorbog‘ soldim, Bog‘i Vafo deb nomlangan... noranji (apelsin), turunji (limon) va anori ko‘p... Noranjilar sarg‘aygan mahali ko‘p yaxshi ko‘rinadi, hiyla yaxshi bog‘ bunyod topdi.»

Laym ichimligi qadog‘ida esa lotin harflarida shunday parcha bor:

«Yana bir mevasi laymdir. Hindistonda juda ko‘p bo‘ladi. Zaharlangan kishi ildizini qaynatib ichsa, ziyonini daf qilarkan.»

Bu yozuvlar rus tilida ham bor, toki boshqa millat vakillari bizning tarixiy ilmimizning naqadar teranligini anglasinlar!

Hamda bu yozuvlar filologiyadan ishlab chiqarish sohasiga o‘tgan filolog Muzaffar Solijonov tufayli sodir bo‘ldi. Hamda unga ishora berib, kichik bir hissa qo‘shganimdan men ham sevinib qo‘yaman. Ya’ni Muzaffar «ota-bobolarimiz apelsin, mandarin, limonni nima deyishgan?» deb so‘ragan vaqtida kamina «Boburnomani ko‘ring, o‘sha yerda bor» deya yo‘naltirib yuborgan edim-da. (Ular Boburgacha ham bo‘lgan, albatta!)

Demak, yuragida milliy g‘ururi bo‘lgan, o‘zinikidan or qilmaydigan, aksincha, o‘rni kelganda, mahsulot bag‘riga o‘zbekcha so‘zni dadil yozib qo‘ya oladigan filolog-biznesmenlardan katta naf bor ekan. Ma’naviy naf!

Albatta, bu gaplarning, yana Bobur aytganidek, «aybg‘inasi» bo‘lishi mumkin, gap bunda emas, gap yondashuvda. Ishlab chiqarishda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga ot qo‘yishda o‘z til qoidalarimizdan kelib chiqishimiz kerakligida!

Eslayman, kamina ham biznes olamiga «aralashib» yurgan vaqtimda «O‘rikzor bozori»dagi bir suqorichi («pechenechi») ning bolalar uchun chiqarilayotgan mahsulotiga «Asaltoy», deb ot qo‘yib bergandim. Yoki o‘zimiz ishlab chiqarayotgan «Stekloochistitel»ga katta qilib «oynakyuv», ya’ni «oynak yuvuvchi vosita» ma’nosida nom qo‘ygandim. Avvaliga ko‘pchilikka erish tuyulgandi, albatta, lekin vaqt o‘tib, talabgorlar «oynakyuv bormi?» deb so‘raydigan bo‘lishgandi. Demak, mahsulotning tabiatidan kelib chiqib, qisqa va mantiqli ot qo‘yilsa, u ko‘p o‘tmay ommalashib ketar ekan. Tasavvur qiling, rus tilini yaxshi bilmaydigan bir o‘zbek «Stekloochistitel» deguncha qora terga botib ketadi-ku, axir!..

Qisqasi, Muzaffar bilan miriqib suhbatlashib o‘tirsak, professor Qurdosh Qahramonov bir guruh filolog talabalarni boshlab kelib qoldi. Natijada ularga Yo‘ldosh Solijonovning «Said Ahmad va adabiy jarayon» nomli kitobidan bir bog‘lamini tarqatdik, suratga tushdik, keyin esa kitobni imzolab berishga to‘g‘ri keldi. «Kitob muallifi boshqa, imzolashga haqimiz yo‘q» desak ham, yoshlar «imzolab beringlar!» deb turib olishdi. Noiloj imzoladik. Xuddi birovning tahoratiga namoz o‘qigandek bo‘ldik o‘ziyam. Ammo imzo qo‘yar ekan, Muzaffar o‘z otasiga – professor Yo‘ldosh Solijonovga, uning yoshligiga rosa o‘xshab ketdi. Men uni bildirmay rasmga oldim. Keyin ma’lum bo‘lishicha, shoir Dadaxon Muhammadiyev ham xuddi shunday – sezdirmaygina meni ham suratga olib qo‘ygan ekan.

Xullas, Yo‘ldoshali aka, rozi bo‘lasiz endi! Daraxtni siz ekdingiz, soyasida o‘g‘lingiz bilan biz o‘tirdik.

Muhimi, kitobingizni bizdan qabul qilib olgan yosh filologlardan ko‘plab Yo‘ldosh Solijonovlar chiqsinu yo‘lingiz davom etsin!

Ishlab chiqaruvchilarimiz esa, o‘g‘lingiz Muzaffar Solijonovga o‘xshab o‘z mahsulotlariga o‘zbekona, turkona ot qo‘yishdan aslo charchamasinlar! Buning uchun esa, avvalo, cho‘chimasinlar!

Zero, yurtni, millatni sevish mana shunday kichik ko‘ringan, ammo muhim ishlardan boshlanadi.

                                                                                                         Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring