Prezidentning yangi qarori e’lon qilindi
Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi.
Mamlakatda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport hajmlarini oshirish, shuningdek, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni va malakali mutaxassislarni keng jalb qilish, o‘z biznesiga ega oilalarni ko‘paytirish maqsadida:
Quyidagilar respublikada zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini, birinchi navbatda, unda yetishtiriladigan mahsulotlar bo‘yicha importni qisqartirish va zarur uskuna va texnikalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga tashkil etish;
issiqxona xo‘jaliklari uchun urug‘, ko‘chat va o‘g‘itlarning investorlar tomonidan doimiy yetkazib berilishini tashkil etish;
tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari uchun to‘liq agroservis xizmatlarini ko‘rsatish, malakali agronomlarni biriktirish hamda zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda issiqxona xo‘jaliklari ishchilarini o‘qitish orqali soha bo‘yicha yetarli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash;
issiqxonalar hosildorligini va samaradorligini yil davomida hosil olish amaliyotini joriy etish orqali oshirish.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan ishlab chiqariladigan zamonaviy va energiya tejamkor uskuna-jihozlardan foydalangan holda issiqxona xo‘jaligiga ega bo‘lish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish istagini bildirgan aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib:
tashabbuskor aholi tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar barpo etish;
qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix bo‘lgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yig‘iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021-yilning 31-dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilindi;
issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2023-yilning 31-dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilindi;
issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer solig‘i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter