Prezidentni xursand qilgan tashabbus
Forel balig‘ining bir xususiyati bor — u zararlangan suvni birinchi bo‘lib his qiladi. Ko‘pincha toksik ifloslangan suvni aniqlashda aynan shu usuldan foydalanishadi — forel bunday suvga tushgani hamono o‘ladi. Shu bois ham boshqa baliqlardan farqli o‘laroq, uni boqib ko‘paytirish juda qiyin. Namangandagi «DB Group Eco» MChJ ta’sischilari mana shu murakkab ishning uddasidan chiqa olishdi.
Buning uchun tinchgina oqayotgan daryo suvidan ozginasini shunchaki burib olish kifoya bo‘ldi.
Albatta aytishga oson, ammo tadbirkorlar Norin daryosining xususiyatidan ustamonlik bilan foydalangani ham haqiqat. Gap shundaki, yozning eng jazirama vaqtida ham daryo suvining harorati 10 darajadan oshmaydi. Bu esa kislorodga boy, toza va muzdek suvni xush ko‘ruvchi forel balig‘ini ko‘paytirishda qo‘l keladi. Shu bois avvaliga Uchqo‘rg‘on tumanidagi daryo bo‘yicha maxsus hovuzlar qurib olindi. So‘ngra maxsus jihozlar o‘rnatildi, uvildiriqni undirish uchun laboratoriya tashkil etildi.
Hovuz shunday qurildiki, unga bir tomondan daryo suvi muntazam kirib turadi va boshqa tomondan chiqib ketadi. Qimmatbaho forel balig‘i mana shunday muhitda yayrab-yashnab o‘sadi. Atrof-muhitga ham hech qanday zarar yo‘q, ortiqcha sarf-harajat ham qilinmaydi.
Dastlabki uvildiriq 2018 yilning dekabrida Daniyadan olib kelindi. Maxsus konservalangan uvildiriq dastlab laboratoriyada undirildi. So‘ngra uch oy davomida quyosh nuri tegmaydigan joyda baliqchalar katta bo‘ldi. So‘ngra hovuzga qo‘yib yuborildi. Oradan bir yarim yil o‘tgach nihoyat dastlabki forel balig‘i O‘zbekistondagi supermarketlarga sotuvga chiqarildi. Narxi ham qimmat emas — bir kilogrammi 50 ming so‘m atrofida.
Forel yetishtirish ancha qimmat soha. Hozircha O‘zbekistonda bu baliqqa ozuqa ishlab chiqarilmayapti. Ammo yaqin vaqtlar ichida ozuqa ishlab chiqaradigan yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, forel uvildirig‘ini ham korxona ishlab chiqaradi. Bu ham o‘z navbatida mahsulot tannarxi tushishiga sabab bo‘ladi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrif buyurgan edi. O‘shanda ushbu korxona taqdimotini o‘tkazdik. Prezident juda katta xursandchilik bilan loyihamizni qo‘llab-quvvatladi va bizga 20 gektar yer ajratishni hokimiyatga topshirdi. Korxonamiz oldiga esa 2018 yil oxiriga qadar ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Biz bu topshiriqni bajardik va qariyb bir yarim yilda ilk hosilni olishga erishdik. Hozirgi vaqtda xorijdan hamkorlar qiziqishi mavjud va mahsulotlarimizni Singapurga eksport qilamiz, — deydi «DB Group Eco» ta’sischisi Azizbek Daminov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter