Prezident Tramp tarafdorlari uyushtirgan paradda bir necha qayiq cho‘kib ketdi
Prezident Donald Tramp tarafdorlari tomonidan Texas shtati Trevis ko‘lida uyushtirilgan qayiqlar paradi ko‘ngilsizlik bilan yakunlandi. Xabarlarga qaraganda, bir necha qayiq o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda 4 ta qayiq ko‘l tubiga cho‘kkan, ayrimlari toshlarga borib urilgan.
Mo‘’jiza tufayli qurbonlar bo‘lmagan, ko‘lga qulaganlar qutqarib qolingan.
Mahalliy politsiya qasddan amalga oshirilgan jinoyat holatini istisno etgan, ammo shunga qaramay surishtiruvlar boshlagan. Qayd etilishicha, qayiqlar soni ko‘pligi va ular juda yaqin masofada suzgani to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan.
«Barcha qayiqlar bir paytda harakatlana boshlagani sababli kuchli to‘lqin yuzaga kelgan», — deya vaziyatni izohlagan mahalliy politsiya vakili Kristen Dark.
Ob-havoni kuzatish milliy markazi qayiqlar paradi payti dovul ro‘y bermaganini ma’lum qilgan.
Lake Travis Trump Boat Parade tadbiri joriy yil noyabrda o‘tadigan saylovda amaldagi prezident Trampni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Feysbuk orqali tashkil etilgan. Unda 2700 ga yaqin kishi ishtirok etish istagini bildirgan.
Joriy yil avgust oyida Portlend shahrida Tramp tarafdorlari uyushtirgan qayiqlar paradida ham bir qayiq cho‘kib ketgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter