Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident til bayramini keng nishonlash to‘g‘risida qaror chiqardi

Prezident til bayramini keng nishonlash to‘g‘risida qaror chiqardi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi.

2019-yil 21-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi. Mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi hamda o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) zimmasiga:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning puxta tayyorgarlik asosida, yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi barcha shahar va tumanlarda bayram tadbirlarini tashkil etish;
  • umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish;
  • mamlakatimizdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalarimiz haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etish;
  • «O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda «O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari» mavzusida respublika konferensiyasini o‘tkazish;
  • o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyga Toshkent shahridagi Milliy bog‘da, shuningdek, viloyat va shaharlarda o‘rnatilgan haykallar poyiga gul qo‘yish marosimini uyushtirish;
  • mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazsin va «O‘zbek tilining do‘stlari» klublarini tuzish;
  • mamlakatimizda yangitdan tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgan Muhammad Rizo Ogahiy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida ona tiliga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish;
  • hududlarda til bayramiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kechalar hamda yangi kitoblar taqdimotini amalga oshirish;
  • 21-oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi san’at saroylarida O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirlarini tashkil etish topshirildi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring