Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi

Prezident tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni to‘qimachilik sanoati barqarorligini ta’minlash, pandemiyaning sohaga ta’sirini yumshatish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatida 2 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ularda 365 ming nafar aholi ishlaydi. Sohaning eksport salohiyati so‘nggi 3 yilda 2 baravar oshdi. O‘tgan yili bu boradagi ko‘rsatkich 1,6 milliard dollarni tashkil etdi.

Lekin bular ham hali yetarli emas. Sohada rezerv va imkoniyatlar yetarli. Xususan, yurtimizda yetishtirilgan paxtani to‘liq qayta ishlab, eksportni 15 milliard dollarga yetkazish va 3 milliondan ortiq aholini ish bilan ta’minlash imkoniyati mavjud.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda pandemiya davrida tarmoqni barqaror ishlatish uchun korxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Joriy yil 1 aprelga qadar sotilgan paxta tolasining yakuniy to‘lov muddatini 90 kundan 150 kunga uzaytirishga ko‘rsatma berildi.

Moliya vazirligiga korxonalarning aylanma mablag‘ini o‘zida saqlab qolish uchun eksport bojxonada rasmiylashtirilgan zahoti qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish mexanizmini joriy qilish topshirig‘i berildi.

Kelgusi 5 yilda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 4-5 baravarga ko‘paytirish, tannarxni raqobatchilarga nisbatan arzonlashtirib, tashqi bozorlarni egallash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buning uchun mahsulotlar assortimentini kengaytirib, sifatini keskin oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Xususan, xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda yirik eksport korxonalari tashkil etib, taniqli brendlar asosida bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Shu maqsadda Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tayyor mahsulot eksport qiluvchi yangi korxonalar uchun texnopark tashkil etiladi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan kredit liniyasi doirasida 300 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Yig‘ilishda xomashyo yetishtirish va ishlab chiqarish zanjirida tannarxni kamaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Mamlakatimizda yillar davomida paxta tolasining o‘zi eksport qilingani uchun uning narxi Liverpul kotirovkasiga bog‘langan edi. Aslida paxta tolasi Nyu-York birjasida sotiladi va uning narxi Liverpulnikidan 10 foizga arzon yuradi.

Bu to‘qimachilik mahsulotlari qiymati oshishiga ta’sir qilayotgani qayd etilib, mutasaddilarga paxta tolasi narxini xalqaro birja kotirovkasiga o‘tkazish yuzasidan topshiriq berildi.

Yig‘ilishda to‘qimachilik korxonalarining tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoit yaratish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Bu sohadagi tayyor mahsulotlarimiz eksporti asosan mintaqa bozoriga bog‘lanib qolgan. Eksportyorlar Yevropaga kirishi uchun 15 foiz boj to‘lash va 4 baravar ko‘p transport xarajati qilishga majbur bo‘lmoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga Yevropa Ittifoqi bozorlari uchun «GSP+» maqomini olish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida mahsulotlarni «BSI» standartlari asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish kerakligi ta’kidlandi. Eksportyorlar xarajatlarini subsidiya qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring