Prezident tashabbusi bilan qurilgan majmua rekord vaqt ichida mahsulot berishni boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2016 yil sentyabr oyida «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida qurilishi boshlangan «Ammiak va karbamid ishlab chiqarish» majmuasida barcha ishlar yakunlanib, 2020 yil 23 dekabr kuni ilk karbamid mahsuloti olindi.
Loyiha qiymati 985,7 mln. dollarga teng bo‘lib, Yaponiya banklari va moliyaviy institutlari kreditlari orqali 577 mln. dollar sarmoya kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti tomonidan 320,0 million dollar sarflangan bo‘lsa, korxonaning o‘z mablag‘lari 88,7 mln. dollarni tashkil etdi.
Majmua Yaponiyaning «Mitsubishi Heavy Industries Ltd» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Ishlab chiqarish texnologiyalari dunyoning eng yetakchi kompaniyalari, hususan, ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha Daniyaning «Haldor Topsoe», karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha Italiyaning «Saipem» kompaniyasi hamda karbamid granulyasiyasi bo‘yicha esa Germaniyaning «Uhde» kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi. Asosiy texnologik uskunalar Yaponiya va Yevropadan keltirildi.
Loyihani ishga tushirish va sozlash ishlari joriy yilning oktyabr oyida boshlanganiga qaramay, 53 kunda tayyor mahsulot olishga erishildi. Bu «Mitsubishi Heavy Industries Ltd» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish joiz.
Ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksning texnologik bosqichlarida qo‘llanilgan noyob innovatsion va zamonaviy texnologiyalar ekologik va energetik samaradorligiga ko‘ra dunyodagi eng so‘nggi texnologiyalari hisoblanadi.
Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Loyiha to‘liq qo‘vvatga chiqqanda 1 trillion 428 mlrd. so‘mlik tovar mahsulot ishlab chiqariladi va kimyo tarmog‘ini 9,5 foizga o‘sishga olib keladi. Yiliga budjetga 600 mlrd. so‘m miqdoridagi tushumlarini taminlaydi hamda 58,0 mln. dollarlik qo‘shimcha mahsulot eksport qilinadi.
Loyihani amalga oshirish natijasida 1964 yilda qurilgan, ma’naviy jihatdan eskirgan, energiyasi sarfi yuqori bo‘lgan «Navoiyazot» AJ birinchi va ikkinchi ammiak ishlab chiqarish sexlari foydalanishdan chiqariladi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining karbamidga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi. Xususan, g‘alla va paxta xosilini agrotexnik muddatlarida gektarga qo‘shimcha 100-150 kilogrammgacha o‘z vaqtida karbamid mineral o‘g‘iti bilan oziqlantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari, Afg‘oniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.
«O‘zkimyosanoat» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter