«Notarial idoralarda davlat bojlari va boshqa yig‘imlar undirish shaffof emas!» Prezident qarorida sohadagi muammolar sanab o‘tildi
O‘zbekiston Prezidentining «Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjatda notariat sohasida yillar davomida yig‘ilib qolgan, notarial idoralarning faoliyatida sud-huquq sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishda, iqtisodiy, oilaviy, meros, uy-joy, mehnat va boshqa nizolarning oldini olishda notariatning salohiyatidan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar sanab o‘tilgan:
— aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligi past darajadaligi, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlar, davlat bojlari va boshqa yig‘imlar undirishning shaffof emasligi, shuningdek, mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlar aholining notariat tizimiga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda hamda korrupsiya ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga imkon qoldirmoqda;
— asosan tasdiqlash xususiyatiga ega bo‘lgan vazifani bajarayotgan amaldagi notariat tizimi mamlakatning bugungi rivojlanish talablariga javob bermayapti, notarial harakatlarni bevosita aholi punktlariga chiqqan holda amalga oshirishning keng amaliyoti mavjud emas. Jamiyatning rivojlanishidan ortda qolayotgan notariatning faoliyat ko‘rsatish tizimi uning kompleks notarial xizmatlar ko‘rsatuvchi yanada faol modeliga o‘tishni talab etmoqda;
Mavzuga doir:
Adliya vaziri: «Endi hech kim «Notarial hujjatlardagi imzo meniki emas!» deb ayta olmaydi»
— zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi, idoralararo elektron hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi aholiga tezkor notarial xizmatlarni ko‘rsatish imkonini bermayapti hamda zarur ma’lumotnoma va hujjatlarni to‘plash uchun vakolatli davlat tashkilotlariga bevosita tashrif buyurishni talab etmoqda. Profilaktik choralar sifatida eng ko‘p nizolashilayotgan notarial bitimlarni rasmiylashtirishda audio va video qayd etishdan foydalanilmayapti;
— notariuslar va notarial idoralarning xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi notariat korpusini yuqori malakali kadrlar bilan shakllantirish masalalarini tizimli ravishda hal etish imkonini bermayapti. Notariuslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlari notarial amaliyot bilan yetarli darajada uyg‘unlashtirilmagan;
— stajirovka o‘tashning uzoq va murakkab jarayoni bo‘sh turgan notarius lavozimlarini malakali kadrlar bilan tez to‘ldirish uchun zarur choralarni ko‘rish imkonini bermayapti;
— notarial xizmatlar ko‘rsatishning sifati va tezkorligi, notarial idora xodimlari tomonidan o‘z funksional vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmi, ayniqsa, masofadan nazorat qilish shakllantirilmagan.
Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida Prezident qarorida sohada bir qator yangiliklar joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 25 may kuni imzolangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter