Prezident nomlagan ixtiro. Unga nega homiy topilmayapti?
Atrofimizda shunday insonlar borki, ularning yurish-turishi, turmush tarzi oddiy ko‘rinsa-da, qilayotgan ishlari, ko‘zlagan maqsadlari osmon qadar.
Qashqadaryolik Feruz Murodinov bilan suhbatlashganimizda uning fikrlarida teranlik, sobitlik hamda samimiylikni his etdik. Qilgan ishlari, rejalari haqida so‘z ochganda, ochig‘i, amalga oshirib bo‘lmaydigan yumushdek tuyuldi. Ammo uning so‘zlarini oxirigacha tinglab, fikrimiz butkul o‘zgardi. So‘ng qahramonimizning uyiga bordik, yaqinlari bilan suhbatlashdik, qilgan ishlarini ko‘zdan kechirdik. Endi esa guvohi bo‘lganlarimizni batafsil bayon etsak.
Qilayotgan har bir ishida tabiatni asrash va atrofidagilarning og‘irini yengil qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan Feruz Murodinov barcha loyiha va ixtirolarini otasi To‘raqul Do‘stov bilan bamaslahat bajaradi. U 1996 yilda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida tug‘ilgan. Yoshligidan turli predmetlar ustida tajriba o‘tkazishni xush ko‘ruvchi Feruz yuqori sinfga o‘tgach, jiddiy ixtirolar ustida ishlay boshladi. Dastlab uning ixtirolari uy yumushlarini yengillatishga xizmat qiluvchi kichik qurilma, mexanizm, aravacha va hokazolardan iborat edi. Keyinchalik bularning soni va salmog‘i ham ortib bordi. Nihoyat ko‘p yillik izlanishlari natijasida katta ixtirosini oxiriga yetkazdi va 2013 yilda ushbu loyihasi bilan «Yurt kelajagi» iqtidorli yoshlar tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ixtironing mohiyati
Ushbu ixtiro zavod, korxona va avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazni qayta ishlab, uni kislorodga aylantirib beruvchi qurilmadir. U ob’yektdan chiqayotgan SO2 zaharli gazini to‘sib, uni kislorodga aylantirish bilan bir qatorda sarf bo‘layotgan yonilg‘ini bir necha barobar tejab qoladi. Foydali ish koeffitsiyenti o‘n baravar ortadi, ya’ni 10 litr yonilg‘i sarf bo‘ladigan ish 1 litr yonilg‘i bilan bajariladi. Shuningdek, avtomatik tarzda filtrni almashtiradi va havodagi changni tozalab, tashqariga haydab chiqaradi. Qurilmaning to‘rt xil reaktiv yonilg‘i bilan ishlashi esa har tomonlama qulaylik va yengillik yaratadi.
Ekologiya posboni
– Ushbu qurilmani yaratish g‘oyasi 8-sinfdaligimda paydo bo‘lgan, – deydi Feruz Murodinov. – Kimyo darsligining so‘nggi sahifasida Dmitriy Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvalini o‘rganish chog‘ida organik moddalarning tabiatda tutgan o‘rni hamda zaharli gazlarning jamiyatga yetkazadigan zarari va buning natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar ushbu loyihaga qo‘l urishimga turtki bergan. Bunda dastlab otam Olim Xoliqov yaqindan yordam berdi. Qilgan har bir ishim uning fikri bilan boyib bordi. Besh yil deganda qurilma loyihasi yakuniga yetdi. Ushbu dvigatel zavodlarda asosiy zaharli gaz chiqish joyi hamda avtomobillarning glushiteliga o‘rnatiladi.
Uning afzalliklari ko‘p. Yonilg‘ini tejash, mashina ichidagi havodan changni ajratib, tashqariga chiqarib yuborishda ham foydalanish mumkin. Ammo bu ixtirom bilan o‘zim va oilamni muammolar girdobida qoldirdim. Dastlab ixtiro uchun patent olish jarayonida ancha qiyinchiliklarga duch keldim. Doim bir xil sargardonlik: yilning issiq kunlarida mehnat qilamiz va topganimizni qishi bilan shu ixtironing yugur-yuguri uchun sarflaymiz. 4 yillik ovoragarchilik samara bermagach, Prezidentning virtual qabulxonasiga ariza bilan murojaat qildim. Shundan so‘ng ishim Intellektual mulk agentligi tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, ixtiro uchun patent olishga ruxsat berildi. Eng quvonarli jihati, arizamizni shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ko‘rib chiqib, ixtironi «Akkumulyatorli yonilg‘i tizimi» deb nomlab berdi. Bunday e’tibor meni yanada ruhlantirdi. Endi faqatgina qurilmani yasab, uni ishga tushirish qolgan, xolos.
Ammo ayni shu joydan muammoning ikkinchi qismi boshlandi. Dastlab ixtironing namuna loyihasini ishlab chiqarish maqsadida Asakadagi avtomobil zavodiga, so‘ng «GM Uzbekistan» kompaniyasi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti laboratoriyasiga murojaat qildik. Ulardan ham biror natija chiqmagach, loyiha uchun homiy qidirib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Yosh olimlar kengashidan ko‘mak so‘radik. Afsuski, ulardan ham sado chiqmadi. Ayni paytda loyihamizdan xabar topgan Rossiya va AQShlik homiylardan takliflar bo‘lib turibdi. Lekin yurtimiz taraqqiyoti va salohiyati uchun qilgan shuncha yillik ixtirom o‘zga mamlakatlarning brendiga aylanib ketishini sira xohlamayman.
Shu o‘rinda meni chuqur o‘ylantiradigan bir holatni aytib o‘tsam. Ko‘p hollarda yurtimizda yoshlarni ruhlantirib, ularga dalda bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishadi-yu, negadir ayni hal qiluvchi pallada yolg‘izlatib qo‘yishadi. Bu esa qarovsiz qolgan niholning qurib qolgani kabi yoshlarning ham shahdini so‘ndirib, umidlarini puchga chiqarishi hech gap emas...
Ha, yosh ixtirochining gaplarida jon bor. O‘zingiz bir tasavvur qilib ko‘ring, poliklinikada 1 soat navbatda qolib ketsangiz qanchalar xunob bo‘lasiz. Agar 4 yil sarson bo‘lib, natijaga erishdim deganingizda yana cheki ko‘rinmas muammoga duch kelsangiz, hafsalangiz pir bo‘lishi tayin.
Agar ixtiro amaliyotga tatbiq etilsa...
Hozir birgina yurtimiz ko‘chalarida 5 milliondan ziyod avtomobil harakatlanmoqda. Butun dunyoda esa bundan bir necha yuz baravar ko‘p. Ulardan chiqayotgan zararli gazlar atrof-muhit, atmosfera va ozon qatlamiga behisob ziyon yetkazmoqda. Buni qarangki, Yaponiyada avtomobillar ko‘pligidan ko‘cha harakatini boshqaradigan politsiya xodimi har ikki soatda kislorod niqobini almashtirib turishga majbur bo‘lar ekan.
Bundan tashqari, transportlardan chiqadigan is gazi o‘simlik va hayvonot dunyosi, suv va tuproqni ham zararlaydi. Ifloslangan havo ta’sirida o‘simliklarda moddalar almashinuvi buziladi, ekinlar va mevali daraxtlar kamhosil bo‘lib qoladi. Bugina emas, is gazi tabiatdagi fotosintez jarayoniga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, inson bir kecha-kunduzda o‘rtacha 1,5 kilogramm oziq-ovqat, 2,5 litr suv iste’mol qiladi. Inson o‘pkasi esa bir sutkada 13 kubometr havoni yutib chiqaradi. Inson ovqat yemasdan bir oy, suvsiz uch kun yashashi mumkin. Biroq havosiz ikki-uch daqiqadan ortiq yashay olmaydi.
Bugunga kelib tabiatdagi zaharli gazlarning 40 foizi yer yuzida harakatlanayotgan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan zararning 20 foizi energetika sanoati, 14 foizi korxona va tashkilotlardagi ishlab chiqarish, 26 foizi qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq ishlab chiqarish, maishiy kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalardan yetkaziladi.
Agar yosh ixtirochining ushbu yangiligi amaliyotga tatbiq etilsa, yuqorida keltirilgan zararlarning kamida 75 foiziga barham beriladi. Bundan tashqari, kon va shaxtalar, paxta titish, yog‘och, tosh kesish zavodlari va shunga o‘xshash hududlarda ishlaydigan millionlab ishchilarning kuchli changlanishdan jabr chekishi va sog‘lig‘iga zarar yetishi mumkin bo‘lgan holatlarga chek qo‘yiladi. Endi o‘ylab ko‘ring, ushbu qurilma yordamida yer yuzidagi korxona-yu avtomobillardan chiqayotgan milliardlab kub metr zaharli gazlar ushlab qolinsa, buning samarasini hisob-kitob qilishning o‘zi kishiga qanchalar zavq bag‘ishlaydi.
Endilikda bu kabi muammolar yechimini topish va uni bartaraf etish jamiyat oldidagi eng dolzarb masalaga aylanib ulgurdi. Shunday ekan, bir olam muammoning yechimi tayyor qo‘limizda bo‘lsa-yu undan unumli foydalanmasak, bor sa’y-harakatlarimizni havoga uchirgan bo‘lib qolaveramiz.
Sulaymon Haydarov
Ushbu maqola «Sog‘lom avlod» gazetasining 22-sonida chop etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter