Prezident Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi qarorni imzoladi
2020-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida Prezident qarori e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2020-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mitaga Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha «Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish konsepsiyasi va tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini bir hafta muddatda ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:
a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash:
- Navro‘z umumxalq sayillari o‘tkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va ko‘chalarni belgilash, ularni milliy uslubda bayramona bezatish hamda sahnalarni o‘rnatish;
- joylarda bo‘lib o‘tadigan umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk san’ati vakillari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini keng jalb etish;
- bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar va musobaqalarni o‘tkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalarni joylashtirish;
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, xiyobonlar va maydonlarni bezatishda katta mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, ijodkorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etish;
v) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Navro‘z umumxalq sayillariga xorijiy va mahalliy turistlarning tashrifini tashkil etish maqsadida keng targ‘ibot va tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish vazifasi topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter