Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident ming gektarlik bog‘ni borib ko‘rdi (foto)

Prezident ming gektarlik bog‘ni borib ko‘rdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifini Oltiariq tumanidan boshladi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari hududlarni rivojlantirishda ularning o‘ziga xos xususiyatidan va aholi ko‘nikmalaridan kelib chiqib ish tutish zarurligini ta’kidlaydi. Oltiariqning shunday ustuvorligi dehqonchilikda, odamlarining omilkorligida. Ayniqsa, Oltiariq uzumi chet ellarda ham taniqli «brend»ga aylangan.

Bunday mahsulotlarni ko‘paytirish maqsadida tuman chekkasidagi ming gektar adirlikda uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi tashkil etildi.

Prezidentimiz ushbu bog‘ni kelib ko‘rdi.

Ilgari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer edi. Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun ming gektar yangi manba paydo bo‘ldi. Buning uchun quduqlar va hovuzlar qazilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Bunda foydalanilgan uskuna va quvurlar ham to‘liq mahalliy mahsulot.

O‘zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, «xusayni», «kelinbarmoq», «rizamat», «kishmish» kabi xaridorgir uzum navlari ekilmoqda. 300 gektarlik intensiv bog‘da olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.

Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulg‘or qalampiri, bodring, ko‘katlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bular aholi daromadi, yurtimiz eksportini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.

— Farg‘ona qishloq xo‘jaligida katta natijalarga erishayapti, odamlarning dunyoqarashi o‘zgarayapti, dehqonlar eksportga chiqayapti. Lekin kechagi natija bugunga to‘g‘ri kelmaydi. Doim izlanishda, harakatda bo‘lishimiz kerak. Mana, salgina sharoit yaratilgani uchun shuncha joy bog‘ bo‘ldi. Hali ichki imkoniyatlarimiz juda ko‘p. Bu imkoniyatlarni «inson qadri» tamoyili asosida xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish kerak. Vodiy gavhari Farg‘ona bunda namuna bo‘lishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yer zamonaviy agrosanoat majmui bo‘ladi — 1 ming 500 tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. 6 ta minitraktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bog‘ va tokzorlar aholiga bo‘lib beriladi. Bu mirishkor oltiariqliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda farg‘onalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.

— Bu bog‘ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi. Mulkdor qancha ko‘p bo‘lsa, mas’uliyat ko‘p bo‘ladi, xaridorlarning, chet ellik hamkorlarning tadbirkorga ishonchi bo‘ladi, odamlar ko‘proq daromad oladi, — dedi Prezident.

Hududda 3 mingdan ortiq ish o‘rni ochilishi aytildi. Ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari ishga olinadi.

Prezidentimiz shunday ishchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida meva-sabzavotchilik va gulchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring