Prezident maktablari ta’lim dasturi yana mingta maktabda boshlanadi – Prezident
Joriy yilda maktablar va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
«Lekin, matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan 2022-yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar hali ko‘pligini aniq ko‘rsatdi. Yoki, 500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilinib, haqiqiy bilim qay darajada ekani aniqlandi.
Hozirda 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o‘quvchilarni yarmi ham «B1» darajaga ega bo‘la olmayapti.
Shuningdek, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati ko‘rinmayapti Joriy yilda Prezident maktablari ta’lim dasturi yana 1 mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi», – dedi Prezident Mirziyoyev.
Yig‘ilishda, shuningdek, maktab ta’limidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi. Shu bilan birga, o‘tgan hafta Loyiha ofisi tashkil qilindi va katta ilmiy-amaliy tajribasi bor va salohiyatli kadrlar jamlandi.
Markaz va ofisga Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim vazirliklari bilan birgalikda:
- maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash;
- o‘quvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv metodikalarini ishlab chiqish topshirildi.
Bunda, tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), o‘quvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Joriy yilda Prezident maktablari ta’lim dasturi yana 1 mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi.
O‘tgan yili 500 ta «til egalari» ish boshlagani o‘z samarasini berayapti. Bu amaliyotni kengaytirish uchun «til egalari»ni barcha maktablarga jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va «Kasbiy ta’lim ustasi» lavozimi joriy etiladi.
Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy ta’limga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, kasb to‘garaklari tashkil etiladi.
Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga beriladi. Ularga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar beriladi.
O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘quvchilarga malaka sertifikati beriladi.
«Maqsadimiz - maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin», – dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter