Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident maktablari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi

Prezident maktablari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident maktablari o‘quvchilari umumiy o‘rta ta’lim attestati bilan birgalikda, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda universitetga kirish imkoniyatini yaratuvchi A-level (ilg‘or o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi) sertifikatini ham oladi.

Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi Prezident maktablari bir vaqtda Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan o‘tdi va Cambridge International School (Cambridge xalqaro maktabi) maqomiga ega bo‘ldi.

Cambridge International School maqomini olish Prezident maktablarining o‘quv rejalari va imtihon jarayonlari Cambridge o‘quv dasturining talab va standartlariga muvofiqligini tasdiqlaydi.

A-Level — bu Buyuk Britaniya ta’lim tizimiga oid ta’lim dasturi bo‘lib, dasturni tamomlaganlar to‘liq o‘rta ma’lumot sertifikatiga ega bo‘ladi. O‘quvchilar o‘qish natijalariga ko‘ra imtihon topshiradi va A-Level sertifikatini oladi. Shundan so‘ng sertifikat egalari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat dasturlarida qabul qilinishi mumkin. A-Level imtihonlari natijalariga ko‘ra, universitetlarning qabul komissiyalari abituriyentning bilim va ko‘nikmalarini baholaydi va oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) va Prezident maktablari ma’muriyati 2020 yil boshida Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasini olish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan edi.

Akkreditatsiya jarayoni bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Oxirgi bosqichda Cambridge Assessment International Education mutaxassislari ta’lim muassasasiga tashrif buyurib, akkreditatsiya to‘g‘risida qaror qabul qilishadi. COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan britaniyalik mutaxassislar Prezident maktablariga «virtual tashrif» o‘tkazdi va ta’lim muassasalarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qildi.

— Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasini olish Prezident maktablari o‘quvchilarining yuqori standartlarga muvofiq bilim olishini tasdiqlaydi. Imtihonlar natijalariga ko‘ra, ular bizning bitiruvchilarimizga Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar universitetlariga kirish imkoniyatini beradigan A-Level sertifikatini olishi bizning talabalarimiz uchun bonus bo‘ladi, — dedi PIIMA direktori Hilola Umarova. — Prezident maktablari, shuningdek, PIIMA tizimiga kirmaydigan ta’lim muassasalarida tahsil olmaydigan va A-Level sertifikatini qo‘lga kiritish istagida bo‘lgan o‘quvchilarni ham A-Level imtihonlariga ro‘yxatga oladi va imtihonlarni o‘tkazadi. Shuningdek, Prezident maktablari 9-sinfini bitirgan o‘quvchilar uchun Xalqaro O‘rta Ta’lim sertifikati (IGCSE) imtihonlarini o‘tkazish imkoniyatiga ham ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring