Prezident ishtirokida to‘qimachilik korxonasining ikkinchi bosqichiga start berildi
Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi «Sulton tex group» korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturdan o‘rin olgan bo‘lib, davlatimiz rahbarining viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida bajarilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan edi.
Qisqa vaqtda sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerda zamonaviy korxona barpo etildi. Shveysariya va Yaponiyadan eng so‘nggi rusumdagi tozalash, yigirish va o‘rash uskunalari keltirib o‘rnatildi. Birinchi bosqichda ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 300 ga yaqin odam ish bilan ta’minlandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida 12 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi o‘nga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard so‘mlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi.
Korxonada tolani tozalashdan tortib, o‘rashgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Bu yerdagi laboratoriyada tola va ip sifati nazorat qilib boriladi.
Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriyani ham ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimizning tashrifi chog‘ida loyihaning ikkinchi bosqichi – yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega to‘quv fabrikasi faoliyatiga start berildi.
Umumiy qiymati 53 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato to‘qish, uni bo‘yash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollardan iborat bo‘lib, ishlab chiqarish uskunalari Yevropaning ilg‘or texnologiyalaridan iborat. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
E’tiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil qilingan bo‘lib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Ya’ni, paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha bo‘lgan jarayon ushbu korxonaning o‘zida amalga oshiriladi. Bu orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini oshirishga erishiladi.
Shavkat Mirziyoyev korxonaning keyingi bosqichlarini ham tezroq ishga tushirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasi yanada kengaytirish, paxta-to‘qimachilik klasterini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda Singapurning «Indorama» kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida paxta to‘qimachilik klasterlari tashkil etish, mamlakatimizning Polsha, Eron Islom Respublikasi, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalar taqdimoti o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter