Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Narx-navo oshirilmaydi» – Prezident farmoniga o‘zgartirishlar kiritildi

«Narx-navo oshirilmaydi» – Prezident farmoniga o‘zgartirishlar kiritildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketishining oldini olishga qaratilgan qator choralar amal qilish muddati 2023-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-iyulga qadar uzaytirildi.

Hujjatga ko‘ra:

  • Import qilinadigan 23 turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht mahsulotlari, baliq, sut mahsulotlari, tuxum, mevalar, sitrus mevalar, o‘simlik yog‘i, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari) uchun import bojxona bojining «nol» stavkalarini qo‘llash;
  • Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimini nazarda tutmaydigan mamlakatlardan import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona bojining ikki baravar stavkasini qo‘llamaslik. Hozirda 57 ta davlat bilan eng ko‘p qulaylik rejimini yaratgan holda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi bitimlar imzolangan.

Qayd etilishicha, farmon tufayli joriy yil sentyabr oyida yanvar oyiga nisbatan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshib ketishining oldi olingan.

Jumladan:

– mol go‘shti (64,7 ming so‘mdan 67,5 ming so‘mga) 4 foizga (o‘tgan yilning shu davrida 11 foizga oshgan);

– qo‘y go‘shti (67,4 ming so‘mdan 71 ming so‘mga) 5 foizga (o‘tgan yilning shu davrida 9 foizga oshgan);

– tovuq go‘shti (25,1 ming so‘mdan 25,6 ming so‘mga) 2 foizga (o‘tgan yilning shu davrida 14 foizga oshgan);

– kungaboqar yog‘i (19,4 ming so‘mdan 21,2 ming so‘mga) 9 foizga (o‘tgan yilning shu davrida 32 foizga oshgan) oshgan.

Bundan tashqari, Farmon bilan belgilangan imtiyozlar tufayli tashqi savdo aloqalari mustahkamlanib, geografiyasi kengaytirildi. Xususan, Ekvador, Eron va Norvegiya davlatlaridan oziq-ovqat mahsulotlari import hajmlari oshdi. Argentina (sitrus mevalar) va Serbiya (solod ekstrakti) davlatlaridan birinchi marta import amalga oshirildi.

Ushbu Farmonning qabul qilinishi natijasida jahondagi oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi sharoitida aholini ijtimoiy ahamiyatga ega birlamchi mahsulotlar bilan ta’minlash hamda ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketishining oldini olish ta’minlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring