Prezident farmoni e’lon qilindi
Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek, jamoatchilik tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish yuzasidan bildirilgan takliflarni inobatga olib:
Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yana qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlarini tasdiqlaydi;
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, 2021-yil 1- avgustga qadar o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtai nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yo‘nalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, o‘quv dasturlari va rejalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqqan holda, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtiradi hamda uni 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab to‘liq joriy qiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining ehtiyoj mavjud bo‘lgan og‘ir sharoitli tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ularning filiallari, oliy tibbiyot ta’lim muassasalari, ular huzuridagi klinikalarning malakali rahbar xodimlari va mutaxassislarini shartnoma asosida muayyan muddatga jalb qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu rahbar xodimlar va mutaxassislarga asosiy ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini saqlagan holda, ular jalb qilingan tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidagi oylik ish haqini to‘liq to‘lab berilishini, ushbu xarajatlar hamda ularning uy-joy ijarasi to‘lovlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishini ta’minlaydi.
Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10 foizi 2022-yil 1-yanvardan boshlab, yana qo‘shimcha 10 foizi 2023-yil 1- yanvardan boshlab to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ta’minlanadigan koykalar fondiga o‘tkaziladi;
bundan bo‘shaydigan Davlat budjeti mablag‘lari tuman (shahar) shifoxonalarining dori vositalari, reaktivlar va tibbiyot uskunalari ta’minotini yaxshilashga hamda viloyat tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha koyka fondini tashkil etishga yo‘naltiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-oktyabrga qadar 2022-yil uchun, 2022-yil 1-oktyabrga qadar esa 2023-yil uchun har bir tuman (shahar) shifoxonalari kesimida bo‘shaydigan mablag‘lar hajmini va ularni ishlatish yo‘nalishlarini belgilab beradi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotasini ikki baravarga oshiradi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi:
maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan «mobil tibbiyot» xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish;
nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat «tibbiy punkt»larini tashkil etish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda joriy etadi.
Moliya vazirligi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanishga orderlar berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun budjet parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021-yilda Sog‘liqni saqlash vazirligiga qo‘shimcha 80 milliard so‘m mablag‘ ajratadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi 2021-yil 1-iyuldan unga Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazini qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etiladi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter