Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident: Buxoro aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantiriladi

Prezident: Buxoro aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantiriladi

Buxoro viloyatini 2023-2025-yillarda aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirish maqsad qilingan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatida aholi bandligini ta’minlashga doir takliflar taqdimoti bilan tanishuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Buxoro viloyatida 1 milliondan ziyod mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, shundan 76 ming nafari ishsiz. Mehnat bozoriga esa har yili 37 mingga yaqin yoshlar kirib keladi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, ishsizlikni kamaytirish uchun hududda imkoniyatlar yetarli. Masalan, paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari. Buxoroda 11 ta shunday tashkilot bo‘lib, ular tomonidan sanoat va qishloq xo‘jaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish o‘rni ochilishi mo‘ljallanmoqda.

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 57 ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori bo‘lgan 98 ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish ko‘zda tutilyapti.

Joriy yilda 15 ming gektar ekin yerlarini qayta foydalanishga kiritish imkoniyati ham bor. Bu yerlar yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etiladi. Shuningdek, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Umuman, ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 250 mingta ish o‘rni yaratilishi, 2023-2025-yillarda Buxoro viloyati aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirilishi qayd etildi.

Taqdimotda Hindiston bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berildi.

Davlat rahbari mazkur takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring