Prevyu: O‘zbek futbolining biri ikki bo‘ladimi?
Bugun Bahraynning Arad shahrida OFK kubogi-2021 finali bo‘lib o‘tadi. Bu bahsning ahamiyatli jihati shundaki, Qarshining «Nasaf» jamoasi bugun OFK kubogi finalida Bahraynning «Al Muharraq» klubiga qarshi to‘p tepadi. Mazkur bahs o‘zbek futboli uchun juda muhim. Tan olaylik, xalqaro mintaqada qo‘lga kiritilgan har qanday sovrin xalqimizni xursand qiladi.
Imkoniyatlar: tarkib, natija va uslub
«Al Muharraq»: «Nasaf» haqida har qalay tasavvurga egamiz. Keling, avvalo, raqiblarimizning imkoniyatlari haqida gaplashsak.
«Al Muharraq» Bahrayn Premer-ligasining 34 karra g‘olibi. O‘tgan mavsumda Premer-ligada 4-o‘rinni olgan. Jamoa taktik jihatdan «Nasaf»dan farqli ravishda agressiv o‘ynamaydi. Kam gol uradi va kam gol o‘tkazadi. Eng qimmat o‘yinchisi darvozabon Said Muhammad Abbos bo‘lib, uning transfer narxi taxminan 200 ming yevro atrofida. Tarkibida 4 ta: Mahmud al Mardi (Iordaniya), Noor Al-Ravabdeh (Iordaniya), Mozes Jona (Nigeriya) va Flavio Kariosa (Braziliya) kabi legionerlari bor. Jamoa pregmatik futbolga ancha ixtisoslashgan, ammo bugun ular o‘z maydonlarida o‘ynashini hisobga olsak, bu uslubdan foydalanmasliklari ham mumkin. Klub o‘yinchilarining o‘rtacha yosh tarkibi 26,3 ga teng. So‘nggi 10 o‘yinda 6 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamoaning 8 o‘yinchisi milliy terma jamoalarida o‘ynaydi. Jamoaning umumiy transfer narxi 1,78 mln yevroga baholangan.
«Nasaf FK»: «Nasaf» ichki chempionatda 4-o‘rinda ketmoqda. Biror marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘la olmagan. O‘tgan mavsumda Superligani kumush medallar bilan yakunlagandi. Hujumkor o‘yin ko‘rsatadi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari OFKda hali birorta mag‘lubiyat qayd etmadi. Jamoa ko‘p gol uradi. OFKda eng yaxshi to‘purar o‘yinchi Husayn Norchayev (7 ta gol). «Nasaf» OFK bahslarida 21 ta gol urdi va bu raqiblardan 10 taga ko‘p degani. Darvoza tomon zarbalar borasida ham qarshiliklar (149) Bahrayn jamoasidan (59) deyarli 3 barobar yaxshiroq. Tarkibning eng qimmat o‘yinchisi Abduvohid Ne’matov va jamoa sardori Umarbek Eshmurodov 600 ming yevrodan baholangan. Shuningdek, G‘olib G‘aybullayev, Sherzod Nasrullayev, Oybek Bozorov, Husayn Norchayevlar 450-500 ming yevro atrofida baholangan. Jamoaning umumiy tarkibi transfer narxi 7,13 mln yevrodan oshadi. Klubning 7 o‘yinchisi milliy terma jamoalaridan chaqiruv olgan. So‘nggi 10 o‘yinda 8 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etishgan. Jamoada yo‘qotishlar ham bor. Mazkur bahsda Husniddin Aliqulov ishtirok eta olmaydi.
O‘zbek futbolining biri ikki bo‘ladimi?
Osiyo miqyosidagi turnirlarda klublarimizning yagona sovrini aynan «Nasaf»ga tegishli. Jamoasi 2011 yilgi mavsum davomida OFK kubogini qo‘lga kiritgan edi. Anatoliy Demyanenko boshchiligidagi qashqadaryoliklar Qarshi shahrida 16 mingga yaqin muhlislar qarshisida finalda Kuvaytning «Kuvayt SK» jamoasini 2:1 hisobida dog‘da qoldirgan edi.
Oradan 10 yil o‘tib «Nasaf» yana OFK finaliga chiqdi. Ro‘ziqul Berdiyev o‘zbek futbolidagi «bir» sovrinni «ikki» qilishi mumkin. Bugun qarshiliklarga oson bo‘lmaydi, ammo ular g‘alaba qozonishlariga umid qilamiz.
Eslatib o‘tamiz, mazkur bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter