Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent xalqaro marafoni o‘tkaziladi. Musobaqaning yurtimiz uchun ahamiyati qay darajada?

Toshkent xalqaro marafoni o‘tkaziladi. Musobaqaning yurtimiz uchun ahamiyati qay darajada?

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 22 mart sanasida «Navro‘z» umumxalq bayramiga bag‘ishlangan II Toshkent xalqaro marafoni o‘tkaziladi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligida ushbu tadbir haqida brifing tashkil etildi. Xabar.uz muxbiri ushbu tadbirda ishtirok etdi.

«O‘zbekistonda sport rivoji uchun ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Yil davomida o‘tadigan tadbirlar esa aniq. Xususan, Toshkentdagi xalqaro marafondan tashqari yana «Save Aral» xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini o‘tkaziladi. Bu tadbirlarning asosiy tashabbuskori O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘lib turibdi.

II Toshkent xalqaro marafoniga kelsak, musobaqa to‘rtta masofada tashkil etiladi. Bular — uzunligi 42 kilometr 195 metr bo‘lgan marafon, uzunligi 21 kilometr 97,5 metr bo‘lgan yarim marafon va 3 km hamda 1,5 km bo‘lgan masofalarga yugurish musobaqalari. Yugurishning start-finish chizig‘i Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalarining kesishuvida, «Xumo Arena» muz saroyi yonida joylashgan.

Marafon ishtirokchilari 18 yoshdan kichik bo‘lmasligi lozim.

Marafonning umumiy mukofot jamg‘armasi 350 million so‘mdan iborat. Bunda 42 km. masofada birinchi o‘rin sohibiga 30 million so‘m mukofot ko‘zda tutilgan. Yarim marafon g‘olibi 12 million so‘m bilan taqdirlanadi va 3 kilometr hamda 1,5 kilometrga o‘tkaziladigan masofalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritadigan sportchilarga ham ma’lum pul mukofotlari nazarda tutilgan, — dedi Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Shukurov.

Shuningdek jurnalistlar tomonidan Xitoyda tarqalgan koronavirus epidemiyasi musobaqani o‘tkazish uchun qay darajada ta’sir o‘tkazishi haqida savol berildi.

«Butun dunyoga tahdid solayotgan koronavirus muammosi bor. Ammo katta sport to‘xtab qolgani yo‘q, xalqaro musobaqalar davom etmoqda. Tadbirni o‘tkazish uchun hukumat tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan.

Marafon musobaqasini o‘tkazish uchun shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham tegishli topshiriqlar berilgan. O‘zbekistonda xavfning oldini olish uchun eng zamonaviy extiyot choralari qo‘llaniladi», — deya javob berdi Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Shukurov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda marafon musobaqasi o‘tgan yili ham o‘tkazilgan edi. Xabar qilinishicha, bu safar musobaqa geografiyasi ancha kengayadi. Agarda o‘tgan yili 30 mamlakatdan sportchilar kelgan bo‘lsa, bu yil tashrif buyuruvchi davlat vakillari ikki barobarga oshishi kutilmoqda.

Musobaqada ishtirok etishni istovchilar www.uzmarathon.uz sayti orqali murojaat etishlari mumkin.

Zafar QOSIMOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring