Prezident poytaxtdagi mahallalarning biridagi qishga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Habib Abdullayev mahallasida bo‘ldi. Bu mahallada 4 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ellikka yaqin savdo do‘konlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. 38 ta ko‘p qavatli uy va to‘rtta ijtimoiy ob’yektga «Madaniyatli hudud» boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.
Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda otalar choyxonasi, amfiteatr, «Wi-Fi» hudud barpo etildi, ichki yo‘llar va bolalar maydonchalari ta’mirlandi.
Mas’ullarning e’tibori, aholining hamjihatligi sabab hududning manzarasi tubdan o‘zgardi. «Yashil makon» loyihasi doirasida shu kuzda 2 ming tupdan ortiq manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Ikkita artizan quduq qazilib, yashil maydonlarni sug‘orish tizimi yaratildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda tuman faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular o‘z mahallalari obod bo‘lgani, energiya tarmoqlari ta’mirlanib, qishga puxta tayyorgarlik ko‘rilganini aytishdi.
Prezident energiyani tejash, xonadonlardagi issiqlikni asrash, har bir insonda bunga daxldorlikni shakllantirish zarurligini ta’kidladi.
«Dunyodagi iqlim o‘zgarishlari bizdan uzoqda, deb bo‘lmaydi. O‘tgan yilgi sovuq buni ko‘rsatdi. Endi iqlim o‘zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o‘zgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro «bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening Vatanim» deb yashasa, natija biz kutgandek bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu mahallada ham qish oldidan o‘nta transformator ta’mirlandi, elektr simlari almashtirildi. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklar kapital ta’mirlandi, yangi eshiklar o‘rnatildi. Uylarning yerto‘lasidagi issiqlik quvurlari yangilandi.
Davlatimiz rahbariga Chilonzor tumaniga tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlarga muvofiq qishga ko‘rilgan tayyorgarlik haqida axborot berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter