Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pora demang, shunchaki «bayram savati»

Pora demang, shunchaki «bayram savati»

Foto: «Xabar.uz»

Korrupsiyaga qarshi kurashyapmiz, deyarli barcha davlat korxonalari-yu muassasalarida «Biz korrupsiyaga qarshimiz!» shiori ostida yig‘ilishlar, tadbirlar o‘tkazyapmiz, ularda huquqni muhofaza qilish organlari mutassaddilari uzundan-uzun ma’ruzalar qilishyapti...

Turmush tarzimizga, jamiyatdagi real voqelarga qarab ba’zan, oldi-berdilar qon-qonimizga singib ketgan ekanda, degan fikrga borib qolaman. Ayniqsa, turli bayramlar arafasida bu yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi: kimgadir, odatda yuqoriroq lavozimdagilarga bayram sovg‘asi, hadya niqobidagi o‘ziga xos «dasturxonlar» serqatnov bo‘lib qoladi.

Ishxonamiz «Oloy» bozori yaqinida joylashgani bois har kuni tushlikka shu atrofdagi oshxonalarga qatnaymiz. Istaymizmi-yo‘qmi bozorga bir bosh suqamiz. Nomi dehqon bozori bo‘lsa-da, dehqonlardan asar ham yo‘q, qishin-yozin o‘z joyini bo‘shatmaydigan bugungi til bilan aytganda, tadbirkor atalmish sotuvchilar. Hamma biladi, bu bozor poytaxtdagi boshqa bozorlardan narxlarning ancha yuqoriligi bilan mashhur. Har kim o‘zicha talqin qiladi: meva-sabzavotlari juda saralangan, «elitniy» joyda joylashgan, puldorlar asosan shu yerdan xarid qilishadi, xorijiy sayyohlar ko‘p tashrif buyuradi... Lekin gap bular haqidamas hozir.

Ayni damda bozor har kungidan gavjum, yurgani yo‘l yo‘q, hisob. Sotuvchilar qo‘li qo‘liga tegmaydi. Sal angraysangiz, aravakash naq bosib ketadi... Katta-kichik savatlarga qadoqlangan meva-chevarar-u ichimliklar «guldastasi»dan iborat Yangi yil sovg‘a (hadya, pora)lari aqlingizni shoshiradi. Narxlari o‘ziga qarab: 500 mingdan yetti milliongacha. Olmasak ham bir so‘rab qo‘yamiz odatda. Har bayramda bu manzarani ko‘raverib ko‘zimiz ham o‘rganib ketgan. Ammo bu yil avvalgilaridan ham juda ko‘pligi guvohi bo‘ldik sovg‘alarning. Nafaqat turli o‘lchamdagi savatlarga qadoqlanyapti, sandiqchalari, jimjimador qutilari ham paydo bo‘lgan. Oshxonalar aksariyati yopilgan: sovg‘a tayyorlovchilarga ijaraga berilgan.

Har bir odamda orzu-havas bor, faqat kimgadir pora uchunmas, balki quda-andalarga, ehtimol o‘zlarining bayram dasturxoniga sotib olishar, deydiganlar ham topiladi. Bo‘lsa bordir bundaylar ham, biroq sotib olayotganlarni kuzatsangiz, gap-so‘zlariga quloq solsangiz, qaysidir rahbar(cha)ning ko‘nglini olish uchun ekanligini bilib olishingiz qiyinmasda. Farqi yo‘q – hurmati uchunmi, rozi qilishmi, uyalganidanmi, qo‘rqqanidanmi?.. Qo‘rqmasa hurmat qilarmidi...

Bir tanishim aytib qoldi: «Ancha yillar oldin bir vazirlikda haydovchi bo‘lib ishlaganman. Bayramlarda  hali u yoqdan, hali bu yoqdan savatli sovg‘alar yog‘ilib ketardi. Ishxonadan shef uyiga savat tashib charchardim. Ichida yo‘q narsaning o‘zi bo‘lmasdi. Ba’zan kichikroqlaridan bir-ikkitasini menga ham berardi. Shuncha meva-chevani... yeb yuborisharmikan, deb hayron bo‘lardim. Keyin bilsam, keragidan ortiqchalarini bozorlarga tarqatisharkan sotishga...»

Xullas, biz korrupsiyaga qarshimiz, bu yo‘lda qat’iy kurashga bel bog‘laganmiz. Faqat real hayotimiz bizni aslida kim ekanligimizni bildirib qo‘yyapti, xolos.

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring