Poyezd 25 soniya erta jo‘nagani uchun temiryo‘l kompaniyasi kechirim so‘radi

Yaponiyaning «West Japan Railway Company» temiryo‘l kompaniyasi o‘z poyezdlaridan biri belgilangan vaqtidan 25 soniya ilgari jo‘nab ketgani uchun mijozlaridan rasman kechirim so‘radi. Bu haqda «Business Insider» xabar bergan.
Voqea 11-may kuni yuz berdi. Tezyurar poyezd Notogava stansiyasi platformasini belgilangan vaqt — tonggi soat 7:12 da emas, balki soat 7:11:35 da tark etgan.
Kompaniya press-relizida keltirilishicha, mashinist jo‘nash vaqtini noto‘g‘ri tushungan va poyezd eshiklarini ertaroq yopgan.
Poyezdning erta jo‘nashi boshqa poyezdlar qatnoviga xalaqit qilmadi, faqat birgina yo‘lovchi vagonga chiqishga ulgurmagan.
«Mijozlarimiz oldida juda ham xijolatdamiz, biz bunday holatlarga chek qo‘yishga harakat qilamiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Yaponiyada aniqlikni juda qadrlashadi. O‘tgan yilning noyabr oyida «Tsukuba Express» kompaniyasi ham vaqtidan 20 soniya oldin ketib qolgan poyezdi uchun kechirim so‘ragandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter