Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Pittsburgda pochta qanday ishlaydi yoxud soatiga 22 dollar ishlaydigan pochtachi

 Pittsburgda pochta qanday ishlaydi yoxud soatiga 22 dollar ishlaydigan pochtachi

Men chet elni orzu qilmaganman. Amerikaga meni boshlab kelgan bolalar sog‘inchi bo‘ldi. Asaltoylar diydoriga to‘yib-to‘yib olgachgina atrofi jahonga boqdim.

Pittsburg AQShning shimolida joylashgan seryomg‘ir shahar. Havosi shu qadar musaffoki, bir nafas sayr qilsangiz butun vujudingiz yengillashib, go‘yo yoshlikka qaytasiz. Bir-biriga o‘xshamas betakror bejirim uylar. Shunisi taajjublanarliki, ular devorlar yoki panjaralar bilan to‘silmagan. Bu asrlar bo‘yi yuzaga kelgan odat, me’moriy talabdir. Muhimi, har bir oila o‘z turarjoyini binoyiday saqlaydi. O‘zlarigagina xos bezaydi. Gullarga, daraxtlarga, o‘simliklar borki bariga mehr beqiyos. Ba’zi uylar sahnida bir donagina daraxt-ku, unga bo‘lgan munosabat lol qoldirarli darajada – yer bo‘ylagan yam-yashil gilamdek maysalar go‘yo daraxtga inson muhabbatidan so‘zlayotgandek! Ehtimol, uylarni ziynatlab turish, daraxtlarga e’tibor ham odatiy holdir. Hech qanday shahar rahbariyati ko‘rsatmasi, tegishli hujjatlarga hojat yo‘qdir.  Bu ham amerikacha madaniyat va ma’naviyat.

Pittsburg shahri. Ilk ko‘zga tashlangani shu bo‘ldiki, yo‘llar juda ham ravon, tep-tekis. Transport harakati ham yo‘lga monand bir maromda va asosan bir yoqlama. Tig‘iz vaqtlarda ba’zi ko‘chalar yopiladi. Transport raqamlari orqa tomonidagina qo‘yilarkan. Haydovchilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat-e’tiborga ham havasim keldi: bir-biriga yo‘l beradilar, qo‘llari bilan ishoralar yo‘llaydilar: «Yo‘l berganingiz uchun minnatdorman», «Marhamat,  oq yo‘l!» va hokazo.

Videokameralarni  ba’zi ko‘chalarda uchratasiz, u ham bo‘lsa tirbandlikning oldini olish uchun. «Fotokamera bor» yozuvi ham shundan ogohlantiradi, xolos. G‘aroyibi, tabloda «Tezlikni pasaytiring!» ham shunday, pasaytirmasangizgina jarima keladi.  Shaharlararo yo‘llarda ham radar juda ham kam. Bo‘lsa ham «Radar bor» degan yozuvni ko‘rasiz. Maktab davrida yo‘l bo‘yida politsiya turadi. Ertalab kutib olib, o‘qish tugagach, kuzatib ham qo‘yadi. Yo‘llardagi belgilarning ko‘rinishli ekanligi ham diqqatga sazovor. Trassalarda kiyik yugurib ketayotgan belgidan  tashqari «Hayvonlarni ehtiyot qiling» belgilarini juda ham ko‘p uchratasiz. Yoqilg‘i quyish shahobchalarida odam aralashuvisiz avtomatik tarzda kredit kartasidan to‘laysiz.

Tahsinga loyiq jihatlaridan biri to‘g‘rilik va insonga ishonch. Erta tongda kelinimni yonimga chaqirib ro‘paradagi uyni ko‘rsatib so‘radim: 

     – Bu nima, ikki kundan buyon olishmayapti.

     – Ha. Men ham ko‘rdim, – dedi kelinim. – Yetkazib berish xizmati aytilgan vaqtga olib kelganu egasi ish bilan qayergadir ketib hali qaytmaganda.

    – Kattagina, qimmat narsa shekilli! Hech kim tegmaydimi?    

    – Hech kim. Anavi yalangroq joyni ko‘ryapsizmi, o‘sha yerda bir oycha katmon turdi, kimdir topib yaqqol ko‘zga tashlanadi, deb qo‘yib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Egasi yodiga tushib olib ketgan bo‘lishi kerak.

Keyin bunday manzarani ko‘p kuzatdim. Aslida, bizda nohalollardan halollar ko‘p, ammo o‘sha 10-15 foiz odam ishonchga soya soladilar. Biz halollikni targ‘ib qilib yozaveramiz, yozaveramiz.

– Ammo bu yerlarda, to‘g‘rilik, vijdonlilik odatdagi hol.

– Shundaymi, – so‘rayman kelin-qizimdan. 

– Shunday, tabiiy hol, – dedi kelinim. – Mavzuni davom ettirib. – Oyijon, sizga bir voqeani aytib beray. Bir kuni o‘g‘lingiz ishdan qo‘ng‘iroq qildilar. Qarangchi, katmonim uyda qolmabdimi, deb, ichida bank kredit kartalari (kodsiz), mayda dollarlari bor edi. Hammayoqni rosa ag‘dar-to‘ntar qilib qidirdim, qani topilsa! Amerikaga kelganimizga hech qancha bo‘lmagan oylar emasmi, yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Keyin xayolimga kelgan fikrdan quvonib ketdim, mashinaga o‘tirayotganda tushirib qo‘yishgan! Qo‘rg‘onlanmagan, to‘silmagan uylar emasmi, ko‘chadan o‘tgan odam olib ketgan bo‘lishi hech gapmas. Pastga yugurib tushib chor atrofnini qarab chiqdim. Yo‘q. Qo‘l-oyoqlarimda mador ketib yerga o‘tirib qoldim. O‘sha onda xudoning menga rahmi keldimi, ko‘zim pochta qutisiga tushdi. Irg‘ib turib qutiga qo‘limni tiqdimu sevinchdan yuragim hapqirib ketdi. Xayriyat-xayriyat. Katmon shu yerda ekan! Qo‘llarim titraganicha pochta qutisidan olgan katmonni ochib qaradim. Kredit kartalari ham, hujjatlari ham, dollarlari joyiday edi. Kim ekana o‘sha yaxshi inson? O‘yladik. Qo‘shnilarimiz qisqa muddatda sinashta bo‘lib ketishgandi. Hammasi ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi! Lekin biz pochtachimiz degan to‘xtamga keldik. Chunki katmon pochta xabarnomalari, xatlar, bukletlar va jurnallar bilan aralashib chiqqandi. Shu sababli pochtachimiz, degan to‘xtamga keldik.

Xo‘sh, qo‘shnilar ayollarning pochta xizmati borasida fikrlari qanday? Qiziq-da. Uch ayol «Yaxshi. Bizga ma’qul» dedi, faqat Natalya Veis (u qozonlik bo‘lib, universitetda chet tillar fakultetida tahsil olgan, Amerikaga kelganiga yigirma yil bo‘lgan bo‘lsa, shundan buyon bir korxonada buxgalter lavozimida ishlarkan). Uning javobi ziyoliga xos bo‘ldi:

– Pensilvaniya shtatida, shahrimizda soha xodimlari binoyiday yashashadi. Juda boyu badavlat desam balki to‘g‘ri bo‘lmas, lekin turmushlari o‘ziga yarasha farovon. Ular juda kuchli ijtimoiy himoyaga olinganlar. Shuning uchun shekilli, pochtada ishlasam, deganlar ko‘p. Aniqlik, to‘g‘rilik, tezkorlik – ularning o‘zgarmas shiori! Yana bir ustunligi shundaki, Mustaqillik, Yangi yil oldi va Yangi yil kunlari kabi qator bayramlarda qo‘shimcha ishchilar olishadi. Uylarning ichki va tashqi tomonlari shunday ajoyib tantanavorlik kasb etadiki, ofarinlar, demaslikning iloji yo‘q. Turgan gapki, bularning bari pochtaga ish, daromad keltiradi. Aytmoqchimanki, ular ommaviy suratlarda shodliklarini baham ko‘rishni xush ko‘radilar. Pochtaning ishi haddan ortiq ko‘payib ketishi shundan. Xatlar, otkritkalar va sovg‘alar... Eh-he, sanab ado qilolmaysiz. Mana, qarang, – dedi u va menga uyidan olib chiqqan otkritkalarni ko‘rsatdi. – Menga bu otkritkalarni dugonam jo‘natgan. Unda oilaviy xursandchilik sanalari, bolajonining atak-chechak yo‘lga kirgani, tili chiqayotgan pallalari, ilk maktabga borgan kun va shunga o‘xshash unutilmas damlar aks ettirilgan. Bu nima degani, sen yaqinimsan, qadri balandimsan, seni hurmat qilaman, degani!

Telefonda aytgan boshqa, kichkina maktubchada  mehr izhor etgan boshqa-da! Bu asriy qadriyatlardan biri, bu insonga aziz va ardoqliligini eslatib turish an’anasini hech kim buzmaydi, buzolmasin. O‘zimizda ham, yaqinlaringizga, jigarlaringizga mehr izhor etib turing, degan da’vat ham bor. Afsuski, telefon bor, telegram bor deymiz-da qo‘yamiz.

Binobarin, bu taxlit izhori dillik ham Natalya aytganidek, «Amerikacha madaniyatdan dalolat. Ular madaniyati va pochtasidan ko‘p narsa o‘rganish mumkin va zarur».

AQSh POChTA XIZMATI – UNITED STATES POSTAL SERVICE raqobatchi xususiy pochta xizmatlari bo‘lsa ham obro‘-nufuzini tushirmay muvaffaqiyat bilan ishlab kelmoqda ekan. Bu narsa yutubda ham ta’kidlanadi va kamchiliklardan xoli emasligi qayd etilgan. Pittsburg shahridagi ofisi oldidan beparvo o‘tib ketolmadim. Ishlab o‘tirgan qizni suhbatga tortdim. U 23 yoshdaman, ishim o‘zimga juda yoqadi, maroqlanib ishlayman, dedi. Qizdan pochtachilar oylik maoshi soatiga 22 dollar ekanligini bilib oldim.

Mazkur xizmat agentligi rahbarini mamlakat prezidenti lavozimidan ozod etolmaydi. Bu ham xizmatning butunlay davlat tasarrufida emasligidan dalolatdir. Ya’ni, pochta hukumatning mustaqil  agentligi maqomiga ega. Shunday bo‘lsa-da davlatning antimonopol qonunchilik hujjatlari ularga tatbiq qilinmaydi. Qator mamlakatlarda pochtaga ishonch yo‘qolgan. Mustaqillik va faoliyatni muntazam modernizatsiyalash va mahsulotlarni ko‘paytirish sharofati bilan pochta asl pochta martabasini qo‘ldan bermay keladi. Va shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur mamlakatda pochta xizmati eng yirik ish beruvchi sifatida AQShda uchinchi o‘rinda turadi. Xizmat tarixi 1692 yildan Buyuk Britaniya koloniyasi vaqtidan boshlanishi ham 472 yillik tajribadan so‘zlaydi.

Pochta xizmati mavzusida ko‘plarning fikru mulohazalarini o‘rgandim. Ular orasida bankda ayti sohasida ishlayotgan namanganlik yigit (mutaxassisligi iqtisodchi ) Anvarjonning fikri menga ma’qul tushdi: «Biz Amerikadamizu, aytmasam ham hamma biladi – qalbimiz to‘rida ona vatanimiz savlat to‘kib turadi. 2020 yilda yurtimizda telekommunikatsiya shiddat bilan rivojlanib, xalqimiz hayotida yangilanishlar boshlanganda qanchalar sevinganimni ta’riflab berolmayman. 70 yoshdan oshgan opamlar ham android telefondan foydalanishmoqda. Internet kirib bormagan xonadon qolmadi, hisob. Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgani, masofalar qisqargani, mablag‘lar tejalayotgani... Bo‘lar ekan-ku! «O‘zbekiston pochtasi» ham ilgari qadam tashlay boshladi. Kadrlar o‘qitildi, salohiyatlari oshirilyapti. Lekin samara istalgan darajaga yetishini ancha kutamiz. Sabablarini men sanab o‘tirmay, yuqoridagilar o‘zlari ham biladilar. Bir nima yetishmayapti, ochiqroq aytsak, jur’at yetishmayapti. Men bir gap aytay – inqilob yasash kerak. Avvalo, pochtachilar oylik maoshlarini aqalli 5-6 mlnga chiqarish, xizmatlar narxini ma’lum muddatlarga bo‘lsa ham arzonlatish kerak. Yana bir gap, Amerika pochta tizimini shundoqina ko‘chirib ishlash ziyon qilmaydi. O‘zingiz ham guvohi bo‘lgandirsiz, Amerika pochtasi juda ko‘p reklama mahsulotlarini tashiydi. Supermarketlarning aksiyalarini, korxonalar, firmalar e’lonlari yoritilgan turfa rang xabarnomalarni ham tarqatadi. Pochta o‘z xizmatini taklif qiladi, buncha xabarnomangizni mana munchaga tarqatamiz, deydi. Ishlari barakali davom etayotgan bo‘lsa-da mutaxassislari qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi. Tashabbuskorlikni, har kuni bir g‘oya umidida intilish, bosh qotirish pochtachilar qon-qoniga singishi shart. Mana masala qayerda!»

Hafiza SALYaHOVA,
«Xabar» muxbiri, AQSh, Pittsburg shahri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring