Permda qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek bokschisi Qozondagi konsullikda taqdirlandi
Rossiyaning Perm shahrida avtobus halokatga uchragani va natijada bir kishi vafot etib, 32 kishi turli darajada tan jarohatiga uchragani haqida xabar berib o‘tgan edik.
Halokat joyiga birinchi bo‘lib o‘zbekistonlik bokschi Danil Yuldoshev yetib kelgan edi. Halokat uning ko‘z o‘ngida ro‘y berdi, ammo yosh yigit o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va darhol jabrlanganlarga yordam berishga otlandi. Uning sa’y-harakatlari bilan jabrlangan yo‘lovchilar o‘z vaqtida tibbiy muassasalarga yetkazib borildi.
Bu qahramonlik O‘zbekiston tomonidan ham munosib e’tirof etildi. Danil Yuldoshev O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi konsulligi binosiga taklif etildi. Uni bosh konsul Fariddin Nasriyev, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhamedov kutib olib, odamlar hayotini saqlab qolishda ko‘rsatgan jonbozligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Danil Yuldoshevga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
— O‘zbekiston — mening Vatanim! Men Yangiyo‘l shahrida tug‘ilib, o‘sganman. Islom dini va o‘zbek an’analari har doim odamlarga yordam berishga chaqiradi. Avtobus halokatga uchraganini ko‘rganim hamono hech narsani o‘ylamay, yordamga shoshildim.
Avtobus devorga shu qadar kuch bilan borib urildiki, o‘rnidan siljimagan birorta ham o‘rindiq qolmagan edi. Qiyshayib qolgan eshikni amallab ochayotganimda ichkaridan bolalar va ayollarning dod-faryodi tinmayotgan edi. Salon ichida yo‘lovchilar bir-birining ustiga taxlanib qolgandi. Bunday vaqtda yordamga otlanish har bir insonning burchi, — deydi Danil Yuldoshev.
Mutasaddi shaxslar tomonidan Danil Yuldoshevga ta’lim olish va ish bilan ta’minlanish bo‘yicha takliflar berildi. Xabar.uz sayti Perm shahri qahramoniga aylangan yosh bokschi bilan qilingan suhbatni yaqin kunlarda e’tiboringizga havola etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter