Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chegarada qirg‘izlar va tojiklar o‘rtasida otishma bo‘ldi. Vafot etgan va yaralanganlar bor

Chegarada qirg‘izlar va tojiklar o‘rtasida otishma bo‘ldi. Vafot etgan va yaralanganlar bor

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida kecha otishma bo‘lib o‘tdi. Xabar qilinishicha, bir kishi vafot etgan va besh kishi yaralangan.

Qirg‘iziston tomonining ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 17:00da (Toshkent vaqti bilan 16:00) Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Bishkek tomoni bergan bayonotga ko‘ra janjalga Tojikistonning Vorux qishlog‘i aholisi tomonidan bayroq o‘rnatishga bo‘lgan harakat sabab bo‘lgan.

Bayroq o‘rnatilishiga qirg‘izlar istiqomat qiladigan Aksay qishlog‘i aholisi qarshilik qilgan. Avvaliga dahanaki jang boshlanadi, so‘ngra tomonlardan biri o‘qotar qurol ishlatadi. O‘q fuqarolar tomonidan, ov qurolidan otilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra besh kishi yaralangani aytilgan edi. Keyinchalik yaralanganlar soni o‘nlab ekani aytildi. Oradan ko‘p o‘tmay otishma ro‘y bergan joyga Qirg‘iziston chegara qo‘shinlari askarlari yetib kelgan va ikki davlat vakillari janjal kuchayib ketmasligi uchun ish boshlagan.

Tojikiston tomoni bergan bayonotga ko‘ra janjal boshlanishiga tojiklar bayroq o‘rnatmoqchi bo‘lgani emas, balki qirg‘izlar Vorux qishlog‘i hududida «Aksay» yozuvini o‘rnatmoqchi bo‘lgani sabab bo‘lgan. Tojikistonning Isfara tumani hokimligi tomonidan xabar qilinishicha, otishma tufayli 1 kishi vafot etgan va besh kishi yaralangan. Vafot etgan shaxs Vorux qishlog‘ida istiqomat qilgan Jalol Karoyev ekani aytilmoqda.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida kelishmovchiliklar avval ham bo‘lgan. Asosiy sabab esa chegara aniq o‘rnatilmagan hududlar hamon mavjudligidir. Ba’zan hatto chegarachilar o‘rtasida ham kelishmovchiliklar bo‘lib turadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring