Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pensiya tayinlashda mahkumlarning ish stajini hisoblash rejalashtirilyapti

Pensiya tayinlashda mahkumlarning ish stajini hisoblash rejalashtirilyapti

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi Ishchi guruh majlisida ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Senatorlar mamlakatda keksalarni va mehnatga layoqatsiz shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi, jumladan, pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirilayotganligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Muhokama qilinayotgan qonun bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ushbu faoliyat turini pensiya olish huquqini beradigan ish staji toifasiga kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonunga kiritilayotgan yana bir muhim yangilik – pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish tartibi takomillashtirilib, fuqarolarning pensiya tayinlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish huquqi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Muhokamalar yakunida qonunlar yuzasidan vazirlik va idoralar vakillari, Qo‘mita ekspertlarining fikr mulohazalari eshitildi va Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring