Pedofillarga jazo qattiq bo‘ladi
«O‘zLiDeP» fraksiyasi yig‘ilishida «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilingan.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Xususan, ba’zi jinoyatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda. Ya’ni, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun 30 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinadi.
Nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish masalasida 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklifi berilmoqda.
Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun 300 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish taklif etilmoqda.
16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda:
- voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan «haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish» tarzidagi yangi jazo turi joriy etilmoqda;
- aliment bo‘yicha majburiyatlarga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilmasligi belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 yanvar kuni Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilganidan keyin pedofillarga nisbatan jazoni keskin kuchaytirish haqida munozaralar yuzaga kelgandi.
Xususan, «Yuksalish» harakati rahbari Bobur Bekmurodov qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyoti kiritishni taklif qilmoqda.
«Qonunchilikka pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyoti kirishi shart. Qancha jazo muddatlarini oshirmaylik, takroran sodir etish xavfi saqlanib qoladi. 20 yoshli erkak pedofillik qilsa, 15 yil o‘tirib chiqqanda 35 kirgan bo‘ladi. Ya’na shu jinoyatni sodir etadi. Pedofiliya bu kasalllik!», — deb yozdi Bekmurodov o‘z sahifasida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter