Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Pedagogika universitetidagi sharmandalik

Pedagogika universitetidagi sharmandalik

Foto:«Uza.uz»

Kecha kelgan xabar:

«Assalomu alaykum. Xushnud aka, men Turin politexnika universitetining Mashinasozlik texnologiyasini bitirganman. Magistraturaga Pedagogika universiteti matematika fakultetiga topshirmoqchi bo‘lib bordim, lekin «yo‘nalishing to‘g‘ri kelmaydi» deb hujjatlarimni qabul qilishmadi. Qarorda negizida bo‘lishi kerak, deb yozilgan deyishdi.

Rad javobini yozma yozib beringlar desam, “yo‘q, yozib bermaymiz” deyishdi. Talab qilaverganimdan keyin, «Borib prorektorga uchra», deyishdi.

Prorektorga borsam xonasida yo‘q, kotibasi «chiqib ketgan, qachon kelishini bilmaymiz», dedi.

Qabuldagilarga yana borib odob bilan tushuntirishga harakat qildim, joriy yildan magistraturaga tartib o‘zgarganini, faqat veterinariya, xoreografiya, tibbiyot, tasviriy san’at yo‘nalishlariga mutaxassislik to‘g‘ri kelishi kerakligini, qolganlar mutaxassisliklarga bemalol topshirish mumkinligini aytdim, baribir foyda bo‘lmadi. Ular hamma mutaxassislik uchun to‘g‘ri kelishi kerak, deb turib olishdi.

Oliy ta’lim vazirligiga telefon qilib so‘ranglar, desam yo‘q deyishdi. O‘zim telefon qilaman unda, desam, telefonda gaplashmayman deyishdi.

Yoshi katta ustozlarni qabulga mas’ul qilib qo‘ygan, ular hatto eshitishni ham xohlamadi. Qarorni ko‘rsatyapti, ularga qarorni noto‘g‘ri tushunayotganini aytdim, eshitmadi.

Ma’sul kotib ham, magistratura dekani ham «prorektorga uchra» deb turaverishdi. Lekin prorektor xonasida yo‘q edi, telefonini so‘rasam, berishmadi.

Eng alam qiladigani, nafaqat bu, balki boshqa kurakda turmaydigan vajlar bilan odamni asabiga o‘ynashdi.

Masalan, «diplomingni qabul qilmaymiz, bizga o‘tmaydi, biz bunaqa diplom ko‘rmaganmiz, borib Italiyangga o‘tkazasan», deyishdi. Bizda diplom formati boshqacharoq, A3 formatda beriladi, baholarini esa alohida A4 formatda berishadi. Borib vazirga qo‘l qo‘ydirib qaytishim kerak ekan, o‘tadi deb. Shu diplom o‘tishini vazirlik tasdiqlab berishi kerakmush.

Bundan tashqari mas’ul kotib «agar mabodo qabul qilinib, maksimum ball olsang ham, budjetga kirmaysan», dedi. Nega desam, tartibi shunaqa deyishdi. Vaholanki, boshqa yo‘nalishdagilar ham budjetga kira olishi mumkinligi batafsil tushuntirilgan edi. Xullas, turli bahonalar bilan hujjatimni qabul qilishni xohlamay, o‘yin qilishdi.

Shunaqa gaplarni gapiraverib, asabni o‘ynashgandan keyin, «bor-yey», dedimda, Milliy universitetga ketdim. O‘zMUda hujjatlarimni 5 daqiqada qabul qilishdi, hech qanaqa muammo bo‘lmadi.

Shundan bildimki Pedagogika universitetida ayni korrupsiya avj olganga o‘xshaydi. Atayin begonalarni yaqinlashtirishmas ekan. Shunaqa gaplar, bo‘ldi xullas».

Xabar tugadi.

Aslida bu xabar yahlit emas, suhbat shaklida bo‘lgandi. Abituriyentga maslahat berib turdim, o‘sha mas’ullarga telefon qilib bog‘lab berishini so‘radim. Lekin narigi tarafdagilar men bilan gaplashishni istashmadi, «blogerning gapi menga o‘tmaydi», deb turib olishdi.

Keyin vazirlikdagi magistraturaga mas’ul xodimga xat yozdim. Vazirlik xodimi ham ming afsuski ayrim joylarda bu kabi noxush holatlar uchrab turgani, OTM vakillari bo‘layotgan o‘zgarishlarni haligacha tushunib yetmaganini ta’kidlab, o‘zining telefon raqamlarini o‘sha abituriyentga berishimni, uning muammosini hal qilib berishini ta’kidladi.

Lekin bungacha hojat qolmadi, TDPUdagi maynavozchilikdan hafsalasi pir bo‘lgan abituriyent hujjatlarini O‘zMUga topshirib bo‘lgan edi.

Bo‘lgan voqealardan juda jahlim chiqdi. Afsuslar bo‘lsinki, Pedagogika universitetidagi o‘sha mas’ullarga o‘xshaganlar mamlakatda ta’lim tizimini orqaga tortishmoqda. Ularga o‘xshaganlarni deb, rivojlanib bo‘lmayapti. Ular na yangiliklarni qabul qilishadi, na yangilikka intilishadi. Mana shunaqalarni deb, ta’lim tizimi byurokratiyadan, korrupsiyadan qutula olmayapti.

Pedagogika universitetidagi mas’ullar shunaqa bo‘lsa, ular chiqarayotgan kadrlardan nimani kutsa bo‘ladi?

Ming afsus, million afsus... Uyat, uyat!

Ey, baraka topgurlar, olayotgan maoshinglarni halollab olinglar. Sal vijdoninglar qiynalsin, agar bo‘lsa albatta...

P.S.: yana qaysi OTMlarda shu kabi muammolar bo‘lmoqda. Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring