Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Zamdekan mashmashasi» jabrlanuvchisi tafsilotlarni gapirib berdi

«Zamdekan mashmashasi» jabrlanuvchisi tafsilotlarni gapirib berdi

Foto: «Nemolchi.Uz»

Toshkentdagi «Kongress-xoll»da bo‘lib o‘tayotgan Ayollar forumida «Zamdekan mashmashasi» jabrlanuvchisi Mushtariybonu Kamilova chiqish qilgan va o‘z boshidan o‘tkazgan voqealarni so‘zlab bergan.

«O‘tgan Yangi yilda o‘zimga yangi noutbukli bo‘lishni tilagan edim. Lekin o‘rniga nogironlik aravachasiga ega bo‘ldim... Bu yilgi Yangi yilni shu aravachada o‘tirib kutib olishimni hech ham o‘ylamagandim», — deya o‘z so‘zini boshladi u.

Aytishicha, uning do‘stlari, sevimli ishi, o‘qishi va kelajak uchun katta rejalari bor edi. Lekin 2021 yilning 18 oktyabr kuni sanoqli soniyalarda hammasini yo‘qotgan.

«Mening universitetimda dekan o‘rinbosari lavozimida ishlagan inson mening nomusimga tegishga harakat qilib, so‘ng derazadan uloqtirdi. O‘sha paytda biron suyagim omon qolmagan deb o‘yladim, og‘riq shu qadar kuchli edi. Ba’zan, hozir uyg‘onaman-u, barchasi oddiy tush bo‘lib chiqadiganday tuyuladi!

O‘sha fojiadan keyin universitet ma’muriyati, boshqa organlardan qandaydir odamlar kelib, menga bosim o‘tkazishga harakat qildi. Va bu ishni yopdi-yopdi qilmoqchi bo‘lishdi. Men shifoxonada yotarkanman zamdekanning qarindoshlari, tanishlari kelishdi, shuningdek, uning rafiqasi kelib ularning oilasiga jabr qilmasligimni so‘rashdi.

«Nemolchi.Uz» sahifasiga murojaat qilganimdan keyin meni eshitishdi. Ichki ishlarda tegajog‘lik haqida ish qo‘zg‘atildi, zamdekanni hibsga olishdi. Hatto Saida Mirziyoyeva «Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz» deb aytgan edi. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda menga qarshi kampaniya avj oldi. Sukut saqlamaganim uchun meni ayblashardi. Lekin ayrim mashhur insonlarningbo‘lgan voqeani go‘yoki men shantaj uchun tashkillashtirganim haqidagi bo‘htonlari hammasidan oshib tushdi.

Biz u oiladan hech narsa undirmaganmiz, undirmaymiz ham. Vaholanki, ular haligacha bizga chiqib, yarashishni so‘rashmoqda. Mening oilam ulardan bir tiyin ham olmaydi va arizamni qaytarib olmayman. Meni shantajda ayblaganlar, qarab qo‘ying, mana, oldingizdaman, aytganingizday maqsadim pul bo‘lganida, bu yerga kelmasdan qimmatbaho mashinada yurardim, o‘z uyimda o‘tirardim. Sukut saqlashimning narxini shunga baholashdi.

Bizga moddiy ko‘makni butunlay begona insonlar ko‘rsatishdi... Shuningdek, universitet fakulteti bu yilgi kontrakt pulini to‘lashni taklif qildi. Lekin yana bir bor aytaman, men zamdekanning oilasidan hech qanday moddiy manfaat olgan emasman!

O‘sha kungi og‘riqni hanuzgacha kechirmoqdaman. Bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy og‘riq.

O‘sha odam jazosini olishi kerak. Men adolatga ishonaman. Mening hikoyam – minglab qizlar hikoyasi. Lekin men haqiqatni aytishga jur’at topdim va oxirigacha boraman.

Tegajog‘lik qilayotgan odamlar meni eshitishini xohlayman. Jazo muqarrar. Biz mentalitetni bahona qilib sukut saqlamasligimiz kerak. Va men adolatni talab qilishdan uyalmayman.

Men shu yerdaman. Oldingiday emas, lekin hayotman...» — degan Mushtariybonu Kamilova.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktyabr oyi oxirida universitetda dekan o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs talaba qizni zo‘rlashda gumonlanib qamoqqa olingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring