Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Paynet» hamda «LEBAZAR.UZ» asoschisi AKT vazirligi Jamoatchilik kengashi raisi bo‘ldi

«Paynet» hamda «LEBAZAR.UZ» asoschisi AKT vazirligi Jamoatchilik kengashi raisi bo‘ldi

Foto: «kommersant.uz»

Joriy yilning 7-mayida AKT vaziri Azim Axmedxadjayev raisligida vazirlik qoshida 2018-yilning 4-mayida tuzilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashining I yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, Jamoatchilik kengashining bosh maqsadi vazirlik oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilash va amalga oshirishda shaffoflik hamda samaradorlikni ta’minlash, shuningdek aholi va tadbirkorlik sub’yektlari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish orqali vazirlik faoliyatiga nisbatan jamoatchilikning ishonchini oshirishdan iborat.

Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi vazirlik hamda boshqa davlat organlari tashabbusi bilan shakllantirilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning muhokamalarida ishtirok etishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan takliflar ishlab chiqishi, sohani rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida yangi texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha xorijlik ekspert hamda IT-kompaniyalarni jalb qilish chorlarini ko‘radi.

21 nafar a’zodan iborat Kengash tarkibiga AKT sohasi konsultantlari, mobil aloqa, elektron to‘lov tizimlari, dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va boshqa soha vakillari kiritilgan.

Dastlabki yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan «Paynet» hamda «LEBAZAR.UZ» loyihalari asoschisi, tadbirkor B.Orifjonov Jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi. Shuningdek, «SAP» kompaniyasining (O‘zbekiston) rivojlantirish bo‘yicha direktori L.Adhamov Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari, vazirlikning Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i S.Mirahmedov Kengashning mas’ul kotibi etib saylandi.

Foto: «Mitc.uz»

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining I yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq tasdiqlangan yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan 2018-2020-yillarda elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar rejasi muhokama qilindi. Kengash a’zolarining taklif va fikr-mulohazalari asosida vazifalar belgilab olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring