Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pastdarg‘omda noma’lum yirtqich paydo bo‘ldi. Aholi qo‘rquvda, mutasaddilar esa beparvo

Pastdarg‘omda noma’lum yirtqich paydo bo‘ldi. Aholi qo‘rquvda, mutasaddilar esa beparvo

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani markaziga yaqin joylashgan Kichik Nayman mahalla fuqarolar yig‘inidan «Xabar.uz»ga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, hozirgacha mahalladagi 5 nafar fuqaroning hovlisidagi qo‘ylar bo‘g‘izlangan holda topilgan. Bu qanday yirtqich (bo‘ri, yovvoyi it...) tomonidan amalga oshirilgani noma’lumligicha qolmoqda.

Kichik Nayman mahallasi hududidagi uchastka veterinar vrachining ma’lum qilishicha, u shu mahalla raisiga ham, tuman veterinariya bo‘limiga va tuman obodonlashtirish boshqarmasiga ham bu haqda xabar bergan. Lekin bir haftadan beri bu muammo yuzasidan hech qanday chora ko‘rilgani yuq.

«Hozirda hudud veterinar vrachi tavsiyasiga ko‘ra, mahalla aholisi o‘rtasida soat 23:00 dan soat 6:00 ga qadar navbatchilik joriy qilingan. Endilikda bu qo‘rqinchli holat qo‘shni mahallalar hududida ham kuzatilyapti. Buning oldini olish esa mutasaddilarning xayoliga ham kelmayapti. Bu nomalum maxluq yana qancha mahallalarda «ov»ini davom ettirishi va Pastdarg‘omdagi bu mahallalar aholisi qachongacha vahimada yashashi nomalumligicha qolmoqda», deyiladi murojaatda.

E’tiborlisi, Pastdarg‘omda bu kabi holat birinchi bor sodir bo‘lgani yo‘q. Avvalroq tuman tibbiyot birlashmasida daydi itlar «uya» qurib olgani va bu holatni bartaraf etishga mas’ullar befarq va bepisand qarayotgani haqida xabar bergandik. Yoz faslida daydi itlar mazkur tumanning bozorini «egallashgandi». Aholining murojaatlariga na tuman hokimligi, na tuman obodonlashtirish boshqarmasi e’tibor berdi. «Xabar.uz» portalida ko‘tarib chiqilgan bu muammolarga na tuman va na Samarqand viloyati hokimligidan hech qanday munosabat bildirilmadi.

Mana endi tuman markazining shundoqqina yonida noma’lum yirtqich qo‘ylarni bo‘g‘izlamoqda va yana befarqlik... Qachon bunga chora ko‘riladi? Qachon vaziyatga jiddiy qaraladi? Bugun hovlidagi qo‘ylarni bo‘g‘izlagan yirtqich ertaga odamlarga, bolalarga hamla qilmaydi, deb kim kafolat bera oladi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring