Parlamentarizm prinsiplariga sodiqlik ifodasidir — Shavkat Mirziyoyevning nutqiga munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida dunyo jamoatchiligi diqqat-e’tiborini barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlarning rolini yanada oshirish masalasiga qaratdi.
Mazkur g‘oyatda muhim omil davlatimiz rahbari tomonidan barqaror taraqqiyot, samarali boshqaruv, demokratiya va parlamentarizm an’analarining o‘zaro bog‘liq qadriyatlar sifatida munosib e’tirof etilayotganligini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, so‘nggi paytlarda parlamentlararo hamkorlik xalqaro munosabatlarning g‘oyatda muhim va ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Zamonaviy parlamentlar hamda ularning ko‘p sonli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlari davrimizning eng murakkab muamolarini bartaraf etishga har qachongidan ham kengroq jalb etilmoqda.
Parlamentlar an’anaviy qonun ijodkorligi, vakillik va nazorat funksiyalaridan tashqari tashqi siyosat va xalqaro masalalar, shuningdek, barqaror ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot, urush va tinchlik masalalari, iqlim o‘zgarishlari, global pandemiya va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash kabi umumjahon taraqqiyotining eng keskin muammolarini yechishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, dunyo parlamentariylarining Parlamentlararo Ittifoq yetakchiligidagi demokratiya va parlamentarizm prinsiplarini targ‘ib qilish, inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari BMT tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Global taraqqiyot dasturlarida belgilab qo‘yilgan olamshumul maqsadlarga erishishda Parlamentlararo Ittifoq shafeligida parlamentariylar bilan umumiy intilishlarni jipslashtirish ayniqsa muhim.
Barqaror taraqqiyot yo‘lida mazkur ikki nufuzli tashkilot o‘rtasidagi izchil hamkorlikning kuchayishi xalqaro munosabatlarda parlament omilining yanada yuksalishiga, parlamentlarning xalqaro jarayonlarning o‘ziga xos faol ishtirokchisiga aylanishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz, shuningdek, barqaror taraqqiyotni ta’minlashda parlamentlar hamda xalqaro parlament institutlarining o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan BMT maxsus rezolyusiyasini qabul qilish vaqti kelganligini alohida ta’kidladi.
Hech shubhasiz, global qarorlar qabul qilish jarayonlarida parlamentlarning o‘rni va rolining o‘sishi ularning yechimiga favqulodda turtki beradi. Qolaversa, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surilayotgan eng oliy maqsad va qadriyatlarga ruhiga mushtarakdir. Mamlakatimizning umume’tirof etilgan inson huquqlari, demokratiya va parlamentarizm prinsiplariga sodiqligini va siyosiy pragmatizmining yaqqol namoyon etadi.
Binobarin, parlament diplomatiyasi nizo va ziddiyatlarni siyosiy muloqot vositasida hal etish, bir-birini to‘g‘ri tushunish, oddiy insonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, demokratiya va parlamentarizm birdamligini qo‘llab-quvvatlashning muhim vositasidir.
Prezidentimiz tomonidan parlamentlar hamkorligining dolzarbligi va qonun chiqaruvchi organlarning ahamiyatini oshirishga qaratilgan tashabbusi nafaqat original va o‘ziga xosligi bilan, balki zamonaviy global talablarni inobatga olgani bilan ham dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otdi.
Otabek Nayimov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter