Paranji konstruksiyasi. Momolar qanday yurgan?
Surxon vohasida o‘tayotgan baxshichilik festivali doirasida tariximizga ham nazar tashlash imkoniyati yaratilgan. Va bu imkoniyatlardan har bir sayyoh bemalol foydalanishi mumkin.
Termiz shahri markaziy bog‘ida yurtimizning barcha mintaqalari tarixini ko‘rsatib beruvchi eksponatlar joylashtirilgan. Istalgan o‘tovga boring, sizga o‘sha hudud tarixini so‘zlab beruvchi odam albatta topiladi.
Yurtimizda yuz yil oldin ham ayollar paranji yopinib yurishardi. Masalan, Surxondaryoning Sherobod tumanida ayollar mana shu tahlit begona ko‘zlardan yashiringan. Suratdagi paranji ataylab festival uchun tikilmagan, balki 100 yil oldin ham momolarimiz yopinib yurgan.
Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani G‘ambur qishlog‘i mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi Sahovat To‘rayevaning aytishicha, paranji va boshqa eksponatlarning barchasi tarixiy ahamiyatga ega. «Mahallada qo‘ni-qo‘shnidan qaytarib berish sharti bilan, shaxsan kafil bo‘lib olib chiqdik», — deydi hazil aralash mahalla faoli.
Sahovat To‘rayevaning aytishicha, paranjining o‘ziga hos jihatlari bo‘lgan. Masalan, yengi bir-biriga ulab tikib qo‘yilgan paranjini turmushga chiqmagan qiz bola kiygan. Agar yenglari alohida tursa, demak turmush qurgan ayolga tegishli. Ikki yengi ulangan paranjidan esa cho‘ntak sifatida ham foydalanish mumkin bo‘lgan.
Kim biladi deysiz, mana shu paranjining yengidan qancha shirinlik bolachalarga chiqarib berilgan ekan...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter