Pandemiya o‘z-o‘zidan chekinmaydi: Yevropada o‘lim holatlari 4-5 karra oshishi kutilmoqda

Hans Klyuge.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropada koronavirusdan o‘lim holatlari 2020 yilning apreliga nisbatan 4-5 karra oshishidan ogohlantirdi.
Tashkilot rasmiy saytida JSSTning Yevropa mintaqasi bo‘limi rahbari Hans Klyuge hozir Yevropada koronavirus bilan kasallanish 2-3 karra oshgani, o‘lim holatlari esa 5 martaga kamayganini ma’lum qildi. Klyuge ayni holatni test olishlar soni oshgani, kasallik og‘ir holatga kam uchrovchi yoshlarda ko‘proq aniqlanayotgani bilan izohladi.
Biroq, ta’kidladi u, hozir turli yosh vakillari gavjum yopiq inshootlarda ko‘proq vaqtini o‘tkazayotgani o‘lim holatlari ko‘payishiga zamin yaratadi.
«Epidemiologik modellarga asoslangan prognozlar umid uchqunlarini so‘ndirmoqda. Cheklovlarning uzoq muddatga kuchsizlantirilishi oqibatida 2021-yilning yanvariga borib kunlik o‘lim holatlari 2020-yilning aprelidagidan 4-5 baravar yuqori bo‘ladi», — dedi Hans Klyuge.
Klyuge Yevropaning aksariyat mamlakatlari yana qattiq karantinga kirishi tarafdori.
«Biz doim ta’kidlab kelgan narsa bo‘ldi: pandemiya o‘z-o‘zidan chekinmaydi, hammasi o‘zimizning qo‘limizda», — qo‘shimcha qildi JSST vakili.
JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, niqob taqish, odamlarning bir joyda to‘planishining oldini olish kabi oddiy choralar 53 mamlakatda 281 minggacha insonning hayotini saqlab qolish imkonini berarkan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter