Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

«Ozodlik»ka: sharmandaga shahar tor-u dunyo kengmi?

«Ozodlik»ka: sharmandaga shahar tor-u dunyo kengmi?

Illyustrativ foto

Aksariyat chiqishlari bilan ko‘plarning ensasini qotiradigan «Ozodlik» radiosi navbatdagi «sensatsiya»sini e’lon qildi: «Farg‘onada beshariqlik tadbirkor ikkinchi xotinini armatura bilan urib, burnini sindirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda!»

Albatta, taassuf: jinoiy javobgarlikkacha borib yetayotgan oilaviy-maishiy muammolar kam emas. Bunaqa muammolar fojiali yakun topayotir hatto. Gap oilaviy muammolarning jinoiy intihosi haqida borar ekan, bu xususda material tayyorlash jarayonida inson sha’ni bilan bog‘liq nuqtalarga hurmat bilan yondoshish talab etiladi. Bunday me’yor qonun darajasida tartibga solingani bejizga emas. «Ozodlik» esa ushbu xabari bilan inson sha’ni, qadr-qimmatini yer bilan bitta qilibdiki, buni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.

Jinoyat ishi tafsiloti muxtasar bayon qilinar ekan, «Ozodlik», sudlanuvchi va jabrlanuvchi «sha’riy er-xotin ekanini» urg‘ulab, er ayolini noan’anaviy tarzda jinsiy aloqaga majburlaganlik ayblovi ham tirkalganini aytadi. Albatta, jinoyat ishi bayonida  qozonda bori cho‘michga chiqadi. Hamma balo shundaki, «ish»ni ochiqlash jarayonida jabrlanuvchining  ismi-sharifi, hatto surati (!) ham e’lon qilib yuborilgan! Bu borib turgan farosatsizlikdan boshqa narsa emas! Inson sha’ni, qadr-qimmatiga bog‘liq jinoyatlar hatto sudlarda (!) ham yopiq tarzda ko‘rib chiqiladi. «Huquq himoyachiligi»ga da’vosi  ulkan «Ozodlik» esa azbaroyi «sensatsiya» ketidan quvibmi, qonungayam, inson sha’nigayam tupurganini qarang?! G‘alatiligi, «Aybsizlik prezumpsiyasi» deya sudlanuvchining ismi-sharifini sir tutibdi, suratini ham odam tanimaydigan qilib «bejabdi». Biroq  jabrlanuvchiga  kelganda buning teskarisini qilgani, sharmandlik bo‘lmay nima?!  Yana bir  holat: sudlanuvchining advokatiga so‘z berilib, unda ta’kid etiladiki, sudlanuvchi va jabrlanuvchi — shar’an er-xotin, «yotdi-turdi» holati esa ayol kaltaklanishidan avval, o‘zaro rozilik asosida bo‘lganmish! Do‘ppi tor kelganda «shariat»ga osilayotganini tushunish mumkindir balki, biroq shariatning qaysi ahkomida yozilibdiki, ayolni to‘shakda xohlagan kuyga solish mumkin, deb?! Uyat-ye!..

O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga butun dunyo guvoh, so‘z erkinligi borasidagi vaziyat ham burungiga qaraganda ancha o‘zgargan. Buning natijasi o‘laroq, ancha-muncha «shov-shuvli» mavzular o‘zimizdan ortayotgani yo‘q. Natijada o‘zbek media-bozorida «Ozodlik»ning rizqi ko‘tarilmoqda.  Vaziyatdan chiqish uchun inson sha’ni, qadr-qimmatiga ochiqdan ochiq tajovuz qilib, «sensatsiya»lar yasash sharmandalikka olib keladi, xolos. Yo‘qsa, sha’n, qadr-qimmat inson huquqlarining ajralmas bo‘lagi ekanini «Ozodlik» bilmaydimi? Bilmasa, huquq borasidagi sanoqsiz iddaolari-chi? Yoki sharmandaga shahar tor-u dunyo kengmi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring