O‘zmilliybank Vengriyaning Eksimbanki bilan 50 million yevrolik shartnoma imzoladi
Bugun, 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga tashrifi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forumda O‘zbekiston va Vengriyaning avtomobilsozlik, transport, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, charm sanoati kabi sohalardagi yetakchi kompaniyalari, bank va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ va Vengriyaning eksport-import banki o‘rtasida 50 million yevrolik kredit liniyasini jalb etish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Vengriya Eksimbanki eksportni moliyalashtirish sohasida yetakchi moliyaviy institut hisoblanadi. Jalb etilgan kredit liniyasi yirik investitsiya loyihalarini hamda Vengriyadan asbob-uskunalar, tovarlar va xizmatlar yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi.
Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlardan biri hisoblanadi. Ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari tufayli o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlari yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Biznes-forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuv va shartnomalarni hayotga tatbiq etish imkonini beruvchi Vengriya Eksimbanki bilan imzolangan yangi shartnoma bunga amaliy misol bo‘la oladi.
Shartnomaning afzalliklaridan biri, Vengriya Eksimbank guruhiga kiruvchi MEHIB eksport kreditlarini sug‘urtalash kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish imkoniyati yuzaga kelishidir. Ushbu hamkorlik uskunalarni ishlab chiqarish, yetkazib berish, to‘lanmagan qarzlar, yetkazib beruvchi yoki xaridor kreditlari, lizing, bank kafolati va investitsiyalar bilan bog‘liq risklarni moliyalashtirishni ta’minlaydi.
Tadbir davomida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mamlakatlarimizda qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter